AKBAR

AKBAR Jaloliddin Muhammad (1542.14.10, Amarkot -1605, Agra yaqinidagi Sikandra qishlog’i) — Hindistondagi Boburiylar saltanati hukmdori (1556 yildan). Boburning nabirasi, Humoyunning o’g’li, 13 yoshida taxtga o’tirgan (1556 yil 15 fevral). Dastlab vaziri turkman Bayramxon otaliq yordamida taxtni boshqargan, so’ngra balog’at yoshiga yetgach, mamlakatni qattiqqo’llik bilan idora eta boshlagan. Saltanatini kengaytirish uchun muttasil kurashgan. Akbar davrida Boburiylar saltanati shimda Balxtsan tortib Janubida Godovari daryosigacha (Kashmir va Afg’oniston hududlari bilan), g’arbda Arabiston dengizidan Sharqda Bengaliya qo’ltig’igacha bo’lgan ulkan hududni qamrab olgan. Markazlashgan saltanat tuzish maqsadida 1574 yildan ichki islohotlar o’tkazishga kirishadi: qo’shin ustida nazoratni kuchaytiradi va uni qayta tashkil etib, yangidan qurollantiradi, mamlakatni yangi ma’muriy tumanlarga bo’ladi. Nikoh rishtalari orqali rajput knyazliklari bilan aloqalarni mustahkamlagan. Rajputlar otliq qo’shini Akbar qo’shinining asosini tashkil qilgan. Yirik yer egalari — jogirdorlarning o’zboshimchaligiga qarshi bir qancha chora-tadbirlarni o’tkazgan, 1574 yil dehqonlar, sarkardalarga yer in’om etish o’rniga xazinadan ularga maosh to’lashni, mamlakatdagi yerlardan soliq to’plashni o’z xizmatchilari zimmasiga yuklagan. Akbar aholi orasida diniy jihatdan o’zaro birdamlikka erishish maqsadida hindlarni yuqori mansablarga tayinlay boshlagan va yangi din — «dini ilohiy» joriy etgan. Bu din o’zida islom, hinduizm, parsizm va jaynizm dinlarining qorishmasidan iborat bo’lgan. Akbar dunyoviy va diniy hokimiyatni o’zida mujassamlashtirgan. Bu dinga e’tiqod qilganlar Akbarning marhamatiga sazovor bo’lganlar. Keyinchalik Akbar vafotidan so’ng bu yangi din kichik bir mazhabga aylanib qolgan. Akbar dehqonchilik va savdoga katta e’tibor bergan, Yevropa mamlakatlari bilan ham savdo-sotiq olib borgan. Akbar ilm-fan, san’atga ham homiylik qilgan. Akbar ning vaziri va do’sti Abulfazl Allomiy Akbar saltanati tarixiga oid «Akbarnoma» asarini yozib qoddirgan. Akbar buyuk davlat arbobi, quvvai hofizasi kuchli, Jasur, iqtidorli sarkarda bo’lgan. Ad.: Qodirov P., Humoyun va Akbar, T., 1994.