AKKORD
AKKORD (lotincha accordo — uyg’unlashtiraman) — turli balandlikdagi uch va undan ortiq tovushlarning qo’shilib sadolanishi. Akkordlarning aksariyati tersiya intervali bo’ylab joylashgan holda (o’zgacha holatdagilari ham ana shu tartibda joylashtirilib) tahlil etiladi. Kvinta oralig’idagi ikki tersiyadan iborat Akkord — uchtovushlik (3 raqami bilan belgilanadi), unga yuqori yoki pastdan uchinchi tersiya tovushi qo’shilsa — septakkord (7 raqami bilan belgilanadi), unga yana bir tersiya tovushi qo’shilsa — nonakkord (9 raqami bilan belgilanadi) deb ataladi; mazkur Akkordlardan musiqa amaliyotida keng foydalaniladi. Barcha Akkordlarning pastki tovushi— asosiy (yoki prima) ton, undan yuqoridagisi — tersiya Toni, uchinchisi — kvinta Toni, to’rtinchisi — septima Toni, beshinchisi — nona Toni deb yuritiladi va ana shu intervallarga mos raqamlar bilan belgilanadi. Akkordlar tarkiban (katta yoki kichik ter-tsiyalar oldinma-ketin joylashishi jihatidan) bir-biridan farqlanadi. Asosiy tonidan hisoblanganida avval katta, so’ngra kichik tersiyalardan tuzilgan Akkord — katta yoki major uchtovushligi, avval kichik so’ngra katta tersiyalardan tuzilgan Akkord — kichik yoki minor uchtovushligi, ikki katta tersiyadan tuzilgani— orttirilgan, ikki kichik tersiyadan tuzilgani — kamaytirilgan uchtovushlik deyiladi. Uchtovushlik va septakkordlar odatda musiqa tovushqatorining muayyan pog’onalarida tuziladi. Klassisizm davri musiqa amaliyotida I, IV va V pog’onalarning (tonika, subdominanta va dominanta deb ataluvchi) uchtovushliklari, II, V va VII pog’onalarning (V7 — dominant septakkord, VII, — yetakchi) septakkordlari keng qo’llaniladi. Akkordlar tonlari orasidagi masofaga binoan (tenor-bas oralig’i bundan istisno) tor (kvartagacha) va keng (oktavagacha) joylashgan bo’ladi. Barcha Akkordlar dissonans yoki konsonanslik xususiyatiga ega bo’lib, odatda, birinchi turdagilari konsonansli ko’ptovushlilarga echiladi (o’tadi). Bu narsa (tarang dissonans va xushsadoli konsonans Akkordlar munosabati) musiqa amaliyoti, avvalo, kompozitorlar ijodi uchun katta badiiy omil vazifasini o’taydi. Shu boisdan har bir Akkord faqat funktsional (ya’ni u yoki bu ladning muayyan pog’onasida tuzilgan ko’ptovushlik sifatida) ahamiyatga ega bo’libgina qolmay, muhim ifoda vositasi hamdir. Akkordlardan foydalanish va ularni tahlil etishda ularga tarixan yondashish va u yoki bu ijodiy oqim, uslub hamda an’anani inobatga olish zarur, chunki biror davr (masalan, klassisizm, romantizm, impressionizm va hokazo) mezoni boshqa davr mezoniga to’g’ri kelmasligi tabiiy. Ad:. Etinger M., Ranneklassicheskaya garmoniya, M., 1979; Sposobin I. V., Musiqa shakli, T., 1982.