ALGORITM

ALGORITM, algorifm — ma’lum bir turga oid masalalarni yechishda ishlatiladigan amallarning muayyan tartibda bajarilishi haqidagi aniq qoida (dastur). Kibernetika va matematikaning asosiy tushunchalaridan biri. O’rta asrlarda sanoqning o’nli tizimi bo’yicha to’rt arifmetik amal bajariladigan qoidani Algoritm deb atashgan. «Bu qoidalarni matematikaga 9-asrda al-Xorazmiy kiritgan. Yevropada bunday qoidalar uning tugilgan yurtiga nisbatan lotinchalashtirilgan (Algoritmus yoki Algorithmus shaklida «algorizm» deyilgan), keyinchalik «algoritm»ga aylangan» (akademik A. N. Kolmogorov). Fanda «Evklid algoritmi», «G’iyosiddin Koshiy algoritmi», «Laure algoritmi», «Markov algoritmi» deb ataluvchi Algoritmlar ma’lum. Algoritm tushunchasi tobora kengayib borib, kibernetikaning nazariy va mantiqiy asosi hisoblangan Algoritmlar nazariyasi paydo bo’ldi. O’zbekiston Respublikasida bir necha ilmiy tadqiqot muassasalari va hisoblash markazlarida Algoritmdan foydalanish sohasida samarali ishlar olib borilmoqda. Masalan, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi «kibernetika» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida, O’zbekistondagi barcha universitetlarda, Toshkent davlat texnika untida, O’zbekiston Respublikasi Makroiqgisod va statistika vazirligi qoshidagi hisoblash markazi va boshqa muassasalarda olib borilayotgan ishlar bunga misol bo’la oladi.