ALI ARDOBUS

ALI ARDOBUS (Ibrohimov Ali Fayzullaxo’jayevich) (1900.15.1, Qizilo’rda — 1959.9.11, Toshkent) — raqqos va baletmeyster, aktyor, pedagog. O’zbekistonda (1944) va Qoraqalpog’istonda (1943) xizmat ko’rsatgan artist. Qizilo’rda ritmik gimnastika studiyasini (1917), Xalq maorifi komissarligi qoshidagi Toshkent teatr studiyasining xoreografiya bo’limini (1921) tugatgan. Yusufjon qiziq Shakarjonov, mahkam Hofiz, Orif garmon Toshmatov, Chervonxon, O’ktamxon, Qumrixon kabilardan o’zbek raqs harakatlarini o’rgandi. 1918 yilning sentabridan Toshkentdagi Mannon Uyg’ur rahbarligidagi teatrda ishlay boshlaydi. Ali ko’proq balet va raqs bilan shug’ullandi. 20-yillarda «Latifa», «Yallama yorim», «Qashqarcha», «Ufori Toshkent», «Gul o’yin», «Zang o’yin», «Qayroq o’yin», «Doira o’yin», «Afg’oncha» kabi xalq raqslarini o’zlashtirib, ularning sahna turini yaratdi. Ali Dushanba musiqa-teatr studiyasini (1929-30), «Tog’ burgutlari» raqs studiyasi va etnografik ansamblini (1930-33), Olmaota raqs studiyasini (1934), Uyg’ur musiqali drama teatrini (1935), O’zbek filarmoniyasining ashula va raqs ansamblini (1937-41) tashkil etishda faol qatnashdi. 1943-45 yillarda Qoraqalpog’istonda raqs studiyalari va ansambllar tashkil qilib, milliy xalq o’yinlari asosida birinchi qoraqalpoq sahna raqslarini yaratgan. O’zbekistonda teatr va raqs havaskorligini rivojlantirishga katta hissa qo’shgan. Toshkent, Samarqand, Andijon, Namangan va boshqa shaharlarda havaskorlar to’garagi tashkil qilgan. Sahnalashtirgan eng yaxshi raqslari: «Nog’ora», «Raqs» «Bayot» kabi yakka, «Uyg’urcha», «Qoraqalpoqcha», «Samarqandcha to’y» (syuita), «Urgut beshqarsagi» va boshqa ommaviy raqslar.