Geografik zonalar, quruqlikdagi tabiat zonalari
Geografik zonalar, quruqlikdagi tabiat zonalari – geografik qobiqning geografik mintaqalar doirasida asosan issiqlik bilan namlik miqdori va nisbatiga qarab muayyan tartibda qonuniy almashinib boradigan asosiy landshaft qismlari. Yer yuzida ro`y beradigan hodisalar yerning ichki kuchlariga va Quyoshdan keladigan radiatsiya miqdoriga bog`liq. Geografik zonalar landshaft qobig`ining eng xarakterli struktura xususiyatidir. Geografik zonalarning keskin chegaralari yo`, ular bir-biriga asta-sekin o`tib boradi. Yer shar shaklida bo`lganligi uchun quyoshning nur energiyasi bir tekisda taqsimlanmaydi. Yerning Quyosh atrofida uzluksiz aylanib turishi va Yer aylanish o`qining orbita tekisligiga 66,5 daraja og`ishganligi tufayli bu notekislik qisman kamayadi. Bu omillar Yer sharida tabiiy sharoiti bir-biridan tubdan farq qiladigan geografik zonalarni vujudga keltiradi. Quyoshning nur energiyasi ekvatordan qutblarga tomon turli miqdorda tushganligidan harorat, bug`lanish va bulutlar, yog`inlar, relyef va shamollar, iqlim, nurash va tuproq hosil bo`lish jarayonlari, suvlar, o`simlik va boshqa zonalar hosil qilgan. Shimoliy yarim sharda quyidagi zonalar bor: Arktika muz sahrolari, tundra, o`rmon-tundra, mo`tadil mintaqa o`rmonlari, mo`tadil mintaqa o`rmon-dashtlari, mo`tadil mintaqa chala cho`llari, mo’tadil mintaqa cho`llari, subtropik doimiy yashil o`rmonlar va bo`tazorlar, subtropik aralash musson o`rmonlari, subtropik o`rmon-dashtlar, subtropik dashtlar, subtropik chala cho`llar, subtropik cho`llar, sernam tropik-o`rmonlar, tropik siyrak o`rmonlar, quruq o`rmonlar va savannalar, tropik chala cho`llar, tropik cho`llar, subekvatorial musson aralash o`rmonlari, ekvatorial o`rmonlar (gileya) zonalari. Janubiy yarim sharda esa bulardan tundra zonasi, o`rmon-tundra zonasi, mo’tadil mintaqa cho`llari zonasi uchramaydi.