HAMMABOP TEST: «SIZ QANDAY INSONSIZ?..»
Har birimiz taqdirning o’nqir-cho’nqir so’qmoqlari uzra ketib borarkanmiz, turlicha fikrlaymiz, faoliyat yuritamiz, o’ylaymiz. Kimdir «Ha endi taqdirim shu ekan» deydi-yu, boshiga tushayotgan turfa qiyinchiliklar domida yashayveradi. Hammadan ilg’orroq, tezkorroq bo’lishga urinmaydi ham. Shundaylar borki, u taqdirini ma’lum darajada o’zgartirish harakatida bo’ladi. Boshqacharoq aytganda, oqimga qarshi borishga urinadi. Bu yo’lda hech bir azobdan, ko’ngilsizliklardan qaytmaydi. Va barchani ajablantirib, o’z niyatiga yetadi ham.
Xo’sh, siz-chi? Qanday insonsiz? Oqimga qarshi bora olasizmi?
Ushbu test yordamida o’zingizni tekshirib oling. Savollarga «ha», «yo’q», «bilmadim» deb javob bering.
1. Hayotimda sodir bo’layotgan har bir hodisa uchun boshqalar emas, faqat o’zim javobgarman.
2. Adashmasam, hayotimdagi muammolar o’zgalar meni tushunishmagani bois yuzaga kelyapti.
3. Omadsizlikka duch kelgach, qo’l qovushtirgancha nolib o’tirgandan ko’ra harakat qilishni ma’qul deb bilaman.
4. Ba’zan o’zimni omadsiz tug’ilgandek his etaman.
5. Mening fikrimcha, omadsiz odamlar bunday ko’rgulik domida qolishlariga o’zlari aybdorlar.
6. Ba’zan hayotim uchun meni tug’ib, voyaga yetkazgan insonlar javobgar deya o’ylab qolaman.
7. Agar shamollasam, yoki biror xastalikka uchrasam, vrachga chopgandan ko’ra mustaqil davolanishni ma’qul deb bilaman.
8. Fikrimcha, odamning fe’l atvori salbiy tarafga o’zgarishida uning atrofidagilar aybdor.
9. Har qanday muammoning ham yechimi bor. Shunday ekan, ba’zi odamlarning muammoga ro’baro’ bo’lgach, yelka qisgancha turib qolishlariga sira tushuna olmayman.
10. Menga qilgan yaxshiliklari uchun odamlarga o’zim ham qandaydir ezgu ishlar bilan javob qaytargim keladi.
11. Agar kim bilan oramizda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, mulohaza qilib turib, aybni doimo o’zimdan qidiraman.
12. Men irim-sirimlarga qattiq ishonaman. Shuning uchun ham mabodo oldimdan qora mushuk o’tib ketsa, albatta ortga qaytib, boshqa yo’ldan ketaman.
13. Odam har qanday vaziyatda ham kuchli va mustaqil bo’lishga o’zini ko’niktirishi lozim.
14. Men barcha kamchiliklarimni o’zgalar yuzimga ochiq aytishlarini istardim.
15. Agar vaziyatni o’zgartirishga o’zimda kuch topa olmasam, taqdirga tan beraman.
NATIJALAR:
O’zingizga 1, 3, 5, 7, 9, 11, 13 savollarning «ha» javobi, 2, 4, 6, 8, 10, 12, 14, 15 savollarning «yo’q» javoblari uchun 10 balldan,
«bilmadim» javoblari uchun 5 balldan qo’ying.
100 — 150 ball.
Siz qanday ahvolda qolmang, baribir taqdirga tan bermaysiz. Vaziyatni o’zgartirishga, qandaydir yo’llar bilan og’ir ahvoldan chiqib ketishga intilasiz. Buning uchun sizda iroda ham, kuch va sabr-toqat ham yetarli. Oldingizga aniq bir maqsadni qo’yasiz-u, shu yo’ldan mardona keta boshlaysiz. Shu sababli atrofingizdagilar ham sizga qattiq ishongan holda og’ir kunlarda ko’mak so’rashga botina olishadi.
50 — 95 ball.
Taqdiringizni o’zingiz ma’lum ma’noda belgilay olasiz. Lekin ba’zida shunday holatga tushib qolasizki, yoningizdagilardan ko’mak so’rashga majbur bo’lasiz. Hayotdagi qiyinchiliklarga real baho bera olasiz. Har bir ishni aql bilan hal etasiz. Boshqalar bilan ahillikda, murosa bilan munosabat yuritasiz.
45 va undan kam ball.
Hayotda oqimga qarab harakatlanishga odatlangansiz. Muvaffaqiyatsizlik, omadsizliklarga ro’baro’ bo’lsangiz, o’zingizni emas, boshqalarni ayblaysiz. Sizning nazaringizda mustaqil bo’lish, maqsadga o’z kuchi bilan erishish umuman mumkin emasdek tuyuladi. Lekin atrofdagilar bilan do’stona munosabatda bo’la bilasiz. Har bir ishda ularga suyanib, muammolarni ahillikda hal etasiz.