Tuproq
Tuproq– yer po`stining o`simliklar o`sa oladigan darajada unumdor bo`lgan eng ustki yumshoq qismi. Tuproq biosfera, atmosfera va litosferaning o`zaro ta’sir etishi natijasida paydo bo`ladi. Tuproq asosan har xil minerallardan, shuningdek organik moddalardan iborat bo`lib, tarkibida suv, tuproq eritmalari, havo va har xil mikroorganizmlar bor. Tuproqning mineral moddalari ona jinsning nurashidan, organik moddalar – chirindi esa o`simlik hamda hayvon qoldiqlarining chirishidan hosil bo`ladi. Tuproqning unumdorligi chirindi miqdori va tarkibiga bog`liq. Mexanik tarkibiga (zarralarning katta-kichikligiga) ko`ra qumli, gilli qumoq, qumloq tuproqlar, paydo bo`lishiga ko`ra podzol, chimli podzol, qora, kashtan, sur, qizil va boshqa tuproqlar bo`ladi. Tuproq tiplari yer sharida geografik zonalar bo`ylab joylashgan.