Tropik iqlim

Tropik iqlim – tropik kengliklarning yil bo`yi havo issiq bo`ladigan iqlimi. 20 darajali yillik izoterma tropik iqlim chegarasi deb qabul qilingan. Issiq mintaqa hududida quyidagi tiplari uchraydi; ekvatorial tropik iqlim – ekvator atroflaridagi o`lkalar uchun xarakterlidir (Masalan, Zair daryosi bo`ylari, Amazonka pasttekisligi, Malay arxipelagi); bu yerlarda shamol kam bo`lib, o`rtacha yillik harorat +26°, yil fasllari harorati deyarli farq qilmaydi; yiliga 1500-2500 mm, ba’zan 3000-3500 mm va undan ham ortiq yog`in yogadi. Havo doimo issiq va rutubatli. Mussonli tropik iqlim ekvatorial tropik iqlimning har ikki tomonida uchraydi (Hindiston yarim oroli, HIndixitoy, Shimoliy Avstraliya, Sharqiy Afrika); harorat ekvatorial tropik iqlim haroratidan kam farq qiladi, lekin ekvatordan musson esadigan sernam davrda yog`in juda ko`p (mussonga ro`para tog` yonbag`irlarida 10000 mm gacha) yog`adi; quruq iqlimli o`lkalardan musson esadigan davrda esa havo quruq bo`ladi. Passatlar tropik iqlimi tropiklar yonidagi hududlar uchun xarakterlidir. Passat shamollarining yo`nalishi va tezligi doimiy bo`lib, tog`li hududlarni istisno qilganda, yog`in kam yogadi. Havo issiq bo`ladi.