«ALPOMISH O’YINLARI» FESTIVALI

«ALPOMISH O’YINLARI» FESTIVALI — O’zbekistonning eng yirik milliy sport o’yinlari musobaqalari. 2 yilda bir marta o’tkaziladi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Alpomish» dostoni yaratilganligining 1000 yilligini nishonlash to’g’risidagi»gi qarori (1998 yil 13 yanvar) asosida tashkil qilingan. Maqsadi — xalq o’yinlarini keng ommalashtirish, O’zbekistonda Alpomish kelbatli yoshlarni ko’paytirish, ularni vatanparvarlik, fidoyilik ruhida tarbiyalash. Festival nizomiga ko’ra, u 3 bosqichda o’tkaziladi. 1-bosqich tumanlar miqyosida tashkil qilinadi. Tuman musobaqasi g’oliblari 2-bosqichda viloyat musobaqalarida qatnashadilar. Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahri musobaqalari g’oliblari 3-bosqich — respublika final bahslarida qatnashish huquqini qo’lga kiritadilar. «Alpomish o’yinlari» festivali 6 milliy sport turi; milliy kurash (Buxorocha, Farg’onacha usullar), «Turon», kamondan o’q otish, tosh ko’tarish, armrestling (bilak kuchi kurashi) hamda xalq o’yinlari: «Tortishmachoq», «Mindi», «Bo’ron», «Yelkada kurash» bo’yicha o’tkaziladi. Musobaqalarda 15 yoshdan 50 yoshgacha bo’lgan kishilar ishtirok etishi mumkin. Oilaviy jamoalarning qatnashishiga ham ruxsat beriladi. «Alpomish o’yinlari» festivali g’oliblari pahlavonlik, mardlik va oriyat timsoli sifatida hurmatga sazovor bo’ladilar. Birinchi «Alpomish o’yinlari» festivali 1998 yil 13-14 noyabrda Termiz shahridagi «Alpomish» stadionida bo’lib o’tdi. Unda umumjamoa hisobida Surxondaryo viloyati vakillari g’olib chiqdi. 2-o’rinni Andijon viloyati, 3-o’rinni Toshkent shahri jamoasi oldi.