ALBEDO

ALBEDO (lotincha albedo — oqlik) — 1) jism sirtidan qaytgan nur energiyasi miqdorining shu sirtga tushayotgan nur energiyasi miqdoriga nisbati. Albedo jismning nur qaytarish qobiliyatini ifodalaydi. Tushayotgan energiyani batamom qaytaruvchi sirt va mutlaq (absolyut) oq jismning Albedosi birga, mutlaq qora jismning Albedosi nolga teng. Real jismlarning Albedosi nol bilan bir orasida yotadi. Atmosferasi bor kosmik jismlarning Albedosi ancha katta bo’ladi. Oy va Merkuriyning Albedosi 0,07; Veneraniki 0,59; Yerniki 0,45; Marsniki 0,15; Yupiterniki 0,56; Saturnniki 0,63; Uranniki 0,63; Neptunniki 0,73 va hokazolar. 2) Qishloq xo’jaligida Albedo haqidagi ma’lumotlar ekinzorlarning radiasion rejimini o’rganish uchun zarur. Xususan, o’simlikka yutiladigan qisqa to’lqinli radiatsiya miqdori va fotosintez jarayonlari Albedo qiymatiga bog’liq. Albedo qiymati kattalashgan sari yutilayotgan radiatsiyaning miqdori kamaya boradi. Albedoning yillik o’zgarishi yer to’shama sirtining o’zgarishiga bog’liq. Albedoning o’rtacha qiymatlari: bo’z tuproq, lyoss — 30— 33%, gil (soz)li cho’l — 30%, o’t qoplami — 20-25%, bedazor — 19-22%, qovun polizi — 23-25% va hokazolar. Qishloq xo’jaligi ekinlari (g’alla, g’o’za) va yaylovlar holatini ularning nur qaytarish qobiliyati kattaligi va qaytgan (akslangan) radiasiyaning yorqinlik koeffitsientiga qarab miqdoriy baholash usuli ishlab chiqilgan. Bu usul hosil to’planishining agrometeorologik sharoitlarni baholash uchun ekinzorlar holatini aviakuzatish ishlarida qo’llaniladi.