ANARXIZM

ANARXIZM (yun. anarchia – hokimiyatsizlik, beboshliq) — ijtimoiy-siyosiy oqim. Rahbar sifatida faqat alohida shaxsning xohish-irodasinigina tan olib, har qanday hokimiyat va davlat tuzumini rad etuvchi jamiyat to’g’risidagi ta‘limot. Yana bir ma‘nosida u antietatistik har qanday g’oya, faoliyat, shu jumladan, ekstremizmni anglatadi. U davlat, huquq va konstitutsion boshqaruvning har qanday shakllaridan voz kechishga chaqiradi. Maqsadi – shaxsni hamma sohada hokimiyatning har qanday ta‘siridan ozod etish. Antik dunyo zamonidayoq Anarxizmga xos fikr yuritish alomatlari bo’lgan, qadimgi xristianlikda diniy shaklda, keyinchalik o’rta asrlar mazhablarida ham uchraydi. Lekin ilmiy nazariya sifatida Anarxizm keyin paydo bo’lgan. XIX asrda G’arbiy Yevropada shakllangan. Anarxizmning nazariy tizimini yozuvchi U.Godvin «Siyosiy adolat to’g’risidagi tadqiqot» asarida (1793) davlatsiz jamiyat konsepsiyasi orqali ilgari surgan. Nemis faylasufi K.Shmidt (Shtirner), fransuz olimi P.Prudon, rossiyalik M.Bakunin hamda P.Kropotkin, G.Erve, J.Gravlar uning nazariyotchilari hisoblanadi. Anarxizm ba‘zi o’rinlarda liberalizm bilan chatishib ketadi, har qanday davlat hokimiyatini yo‗qotishni va ishlab chiqaruvchilar uyushmalarining federatsiyasini tuzishni yoqlaydi. Anarxistik konsepsiyalar xilma-xil. Lekin ularning barchasi uchun umumiy g’oyalar mavjud: 1) ijtimoiy adolatsizlikning asosiy sababi – davlat va uning siyosiy – huquqiy institutlari; 2) jamiyatni yuqoridan pastga tashkil etish; 3) davlat va huquq fuqarolik jamiyatiga mutlaqo qarama-qarshi institut sifatida tushunish; 4) shaxs erkinligining sharti sifatida hokimiyatning, huquqiy zo’rlikning har qanday shakli yo’q qilinishi. Bugungi kunda anarxizm mafkura-maydonida muhim o‗rin tutmaydi va, asosan, libertaristik, antiglobalistik va ekologik harakatlar bilan birikishga harakat qiladi.