BOLA HUQUQLARI TO’G’RISIDA KONVENSIYA

BOLA HUQUQLARI TO’G’RISIDA KONVENSIYA — bolalar huquqi to’g’risidagi xalqaro huquq normalari kuchiga ega bo’lgan hamda kelajakka qaratilgan eng to’la va birinchi hujjat. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989-yil 20-noyabrda bir ovozdan qabul qilingan. Konvensiya 1959-yilda qabul qilingan Bola huquqlari deklaratsiyasi qoidalarini rivojlantiradi. Deklaratsiya «Insoniyat o’zida mavjud bo’lgan eng yaxshi narsalarning hammasini bolalarga berishga majbur» deb e‘lon qilgan edi. Konvensiya esa ushbu Deklaratsiya va boshqa xalqaro hujjatlardagi bolalar huquqlari to’g’risidagi qonunlarni o’zida mujassamlashtirgan. Bola huquqlari to’g’risida konvensiya dunyoning barcha mintaqalaridagi xalqlar uchun teng ahamiyatga ega, asosiy maqsadi bolalar manfaatlarini mumkin qadar himoya qilishdan iborat. U muqaddima, 3 qism, 54 moddadan iborat. Konvensiyaga asosan agar milliy qonunlarda balog’at yoshi birmuncha erta belgilangan bo’lmasa, 18 yoshga to’lmagan har qanday shaxs bola hisoblanadi. Unga O’zbekiston Respublikasi 1992-yil 9-dekabrda qo’shilgan. Konvensiyani ratifikatsiya qilgan yoki unga qo’shilgan davlatlar uni bajarish yuzasidan tadbirlar bo’yicha Bola huquqlari qo’mitasiga muntazam ravishda milliy ma’ruzalar yuborib turadi.