ALP TOG’LARI

ALP TOG’LARI — G’arbiy Yevropada, Italiya, Shveytsariya, Frantsiya, Germaniya, Avstriya, Sloveniya va Lixtenshteyn hududida joylashgan tog’lar tizimi. Yer po’stining uchlamchi davr mobaynida ro’y bergan qudratli Alp burmalanishi natijasida vujudga kelgan. Alp tog’lari birbirlaridan past dovonlar orqali ajralib turgan tog’larning murakkab tizimidan iborat. Uzunligi qariyb 1200 kilometr, kengligi 50-260 kilometr. Eng yirik dovonlari — Simplon (2005 metr), Sen-Gotard (2108 metr), Brenner (1371 metr) va boshqalar. Tog’lar yo’nalishiga ko’ndalang joylashgan chuqur soylik (Boden ko’lidan Komo ko’ligacha) Alp tog’larini g’arbiy va Sharqiy qismlariga ajratib turadi. Alp tog’larining eng baland qismlarida muzliklar hamda muzlik hosil qilgan relyef shakllari ko’p. Sharqiy Alp tog’lari (4049 metr, Bernin tog’i) G’arbiy Alp tog’lari (4807 metr, Monblan tog’i) dan pastroq. Ular ham ayrim tazmalarga bo’linib kettan. Alp tog’lari etaklarida ohaktosh, dolomitlar keng tarqalgan, karst rivojlangan. Tog’ etaklarida iqlim mo’tadil, tog’ tepalarida doimiy qor va muzliklar bor, iqlimi ham sovuq. Muzliklarning umumiy maydoni 4140 kilometr kvadrat. Muzliklar va abadiy qorlarning quyi chegarasi 2500— 3200 metr balandlikda. Eng ko’p yog’in shimoliy va Janubiy yon bag’irlariga tushadi (2000— 3000 millimetr). Alp tog’laridan oqib tushadigan daryolar (Reyn, Rona, Drava, Adije va boshqalar) sersuv, serostona, gidroenergiya zaxiralariga boy. Manzarali ko’l ko’p: Jeneva, Syurix, Boden, Lagomajore va boshqalar. Tabiiy o’simlik turlari balandlik mintaqalarini hosil qilgan. Tog’ etagidan 800 metr balandlikkacha madaniy landshaftlar, 1200 metr balandliklarda keng bargli o’rmonlar, 1300 1700 metr balandliklarda igna bargli o’rmonlar o’sadi. 2600 metrdan 3200 metrgacha oraliqlar subalp butazorlari, o’tloqlar bilan band. Tog’ tizmalarida tunnellar qazilib, temir yo’l va avtomobil yo’llari o’tkazilgan. Alpinizm va turizm rivojlangan.