FASHIZM

FASHIZM (ital. fassismo – bog’lam, dasta, aloqa, to’da, birlashish) — totalitar tipdagi siyosiy diktaturaga asoslangan hokimiyatning siyosiy konsepsiyasi. Ushbu vayronkor mafkura oqim sifatida I jahon urushidan keyin Yevropa mamlakatlaridagi tajovuzkor ta‘limotlar asosida paydo bo’ldi. Fashizm paydo bo’lishining asosiy sababi – jamiyatdagi barcha ijtimoiy qatlamlarni qamrab olgan uzoq muddatli global inqiroz bilan bog’liq edi. Fashizm milliy safarbarlik va birdamlikka asoslangan mafkura bo’lib, I jahon urushida mag’lubiyatga uchragan davlatlarni birlashtirishni nazarda tutgan edi. Bu – jamiyat tuzilishini va tizimini yangicha tashkil etishga qaratilgan millatchilik va irqchilik shakllarining yig’indisidir. U jamiyatni majburiy tarzda ―biznikilar va ―begonalarga ajratilib, irqchilik, militarism g’oyalari asosida ―begonalarni yo’q qilishni targ’ib etadi. Bunda faqat yuqoridan pastga qarab buyruq beriladi. Fashizm demokratiyaning qaramaqarshisi va uni inkor etish hisoblanadi, u hokimiyatning bo’linishiga yo’l qo’ymaydi. Fashizm ommaviy siyosiy harakat bo’lib, ulkan targ’ibot-tashviqot apparati asosida ommaning xulq-atvori va dunyoqarashini boshqaradigan g’oyaviy mafkuraviy texnologik majmuadir. Fashizm siyosiy harakat va tuzum sifatida turli ko’rinishlarda uchragan. Jumladan, Italiyada (B.Mussolini) totalitar rejim hokimiyati, Germaniyada (A.Gitler) natsistlar Fashizmi, Portugaliyada harbiy-siyosiy Fashizm, Ispaniyada (F.Franko) harbiy otryadlar Fashizmi, Chilida (A.Pinochet) harbiy fashistik tuzumlari shaklida namoyon bo’ladi. Fashizmning har qanday ko’rinishi demokratiya tartibotlari va qadriyatlarini hech qachon e’tiborga olmaydi, bunday tizimda inson qadri, erkinligi, huquqlari poymol qilinadi. Hokimiyatning jamiyat hayotining barcha jihatlariga haddan tashqari aralashuvi natijasida hamma sohalarni qattiq nazoratga oluvchi totalitar siyosiy partiya shakllanadi va u davlat monopol tashkilotiga aylanadi. Fashizm ana shunday tashkilotga va «dohiy»ning e’tiroz bildirib bo’lmaydigan obro’-e’tiboriga tayanadi. Fashizmning eng muhim qoidalari: qon birligiga asoslangan oliy va mangu jamoa sifatida millatni e‘tirof etish; millatlarni oliy va quyi millatlarga taqsimlash; oriy, shimol irqiga mansub bo’lgan nemislarni oliy, madaniyat yaratuvchi millat sifatida e‘tirof etish, chunki ularning tomirlarida oqayotgan qon jasorat ruhi, ijodiy daholik, mas‘uliyat va g’urur hissiyotlari bilan to’lib-toshgan; nemis irqining mutlaqligi unga tarixda messionerlik rolini amalga oshirishga o’z-o’zidan huquq beradi; eng muhim irq sifatidagi nemislar boshqa millatlar ustidan ularni qarshiligini shafqatsizlik bilan bostirgan holda hukmronlik qilishi lozim; ayrim xalqlarni (yahudiy, lo’lilar) jismoniy jihatdan yo’q qilinishga mansub bo’lgan ―nomukammal‖ xalqlarni e‘lon qilish; siyosiy sohada – antidemokratik tartibot, partiya tomonidan harbiy tashkilot tamoyillari bo’yicha barpo etilgan keskin markazlashgan rahbarlik qiluvchi dohiyning (fyurer, duche, kaudil‘o) cheksiz hokimiyati; iqtisodiyot va siyosiy sohaning harbiylashtirilishi.