ISLOM FUNDAMENTALIZMI
ISLOM FUNDAMENTALIZMI — hozirgi islomdagi uch oqimdan (traditsionalizm va modernizm birgalikda) biri. Bu oqim o’zini diniy uyg’onish tarafdorlari deb ataydi. Islom fundamentalizmining asosiy konsepsiyasi islomning fundamental tamoyil (shundan ularga islom fundamentalizm nomi berilgan), kapitalizmdan ham, sotsializmdan ham farq qiladigan mustaqil «Islom taraqqiyot yo’lini» belgilab beradi, deb hisoblaydilar. Islom traditsionalistlaridan farq qilgan holda, ular ana shu fundamental tamoyillarni tiklash va ularga amal qilish tarafdorlaridanlar. Lekin islom modernistlariga qarshi ular ana shu tamoyillarni hozirgi davr taqozosiga moslab, qayta talqin etish mumkin emas, deb hisoblaydilar. Islom fundamentalizmi tarafdorlari traditsionalistlarga o’xshab, din va siyosatni bir deb tushunadilar, faqat ulardan farqli o’laroq, islom bilan millat manfaatlarini bir yoki yaqin deb hisoblaydilar. Islom fundamentalizmi tarafdorlari ijtimoiy adolat uchun kurashishni maqsad qiladilar, hatto mazlum tabaqalarni boshqalardan ajratib, ana shular nomidan ish ko’radilar. Ijtimoiy-sinfiy jihatdan islom fundamentalizmi turli (demokratik, radikal va konservativ) dunyoqarashdagi o’rta hol guruhlar manfaatlarini ifodalaydi. Islom dini fundamentalistlarining bugungi kunda ilgari surayotgan va tayanch g’oya sifatida e‘tiborni tortishi kerak bo’lgan fikri xalifalikka qaytish, buning uchun «jihod» qilish, jihod yo’lida «shahidlik», ya‘ni o’zini qurbon berish talabalaridan iborat. Ular barcha musulmon diniga mansub xalqlarni xalifalik deb nom olgan va bitta xalifa boshqaradigan yagona diniy davlatga birlashtirib, amaldagi Konstitutsiya va qonunlar o’rniga, o’rta asrlarda hukm surgan aqida va odatlarga itoat qildirmoqchi bo’ladilar. Ming afsuski, ular bu g’oyaning puch ekanligi va uni XXI asrda amalga oshirib bo’lmasligini tushunmaydilar va johilliklari tufayli tushunishni ham istamaydilar.