MAFKURA
MAFKURA (arab. fikrlar majmui) — muayyan ijtimoiy guruh, qatlam, millat, jamiyat, davlatning manfaatlari, orzulari, maqsadlari ifodalangan qarashlar va ularni amalga oshirish tizimi. Unda manfaatlari ifodalanayotgan guruh va qatlamlarning o’tmishi, bugungi kuni va istiqboli o’z ifodasini topadi. Mafkura har qanday jamiyat hayotida zarur. Insoniyat tarixida turli-tuman Mafkuralar bo’lgan. Turli xalqlar va ijtimoiy kuchlarning g’oyaviy rahnamolari, mutafakkir va arboblari o’zlarining manfaat va maqsadlaridan kelib chiqib mafkuraviy ta’limot va dasturlar ishlab chiqqanlar. Har qanday Mafkura jamiyatda yangi paydo bo‗lgan ijtimoiy-siyosiy kuchlarning talab-ehtiyojlari, maqsadlarini ifoda etuvchi yangi g’oyaviy tizim sifatida vujudga keladi va asosan, quyidagi vazifalarni o’z oldiga qo’yadi: muayyan g’oyani odamlarning ongiga va ruhiyatiga singdirish; aholining turli guruhlarini birlashtirish; ko’zlangan maqsad va niyatlarga erishish uchun odamlarni safarbar etish; ularni ma‘naviy-ruhiy rag’batlantirish; aholini, ayniqsa, yosh avlodni g’oyaviy tarbiyalash va mafkuraviy immunitetni shakllantirish; boshqa mafkuraviy va g’oyaviy ta’sirlardan himoya qilish va shu kabilar Mafkura muayyan falsafiy, diniy ta’limotlar asosida yaratiladi, ma’lum ilmiy qarashlar, ahloqiy tamoyillarga tayanadi. Mafkura o’z mohiyati va ta’sir kuchiga ko’ra, jamiyatni birlashtirishi yoki uni bir-biriga qarama-qarshi taraflarga bo’lib yuborishi, davlatning jahondagi obro’ va mavqeini oshirishi yoki tushirishi, xalqlarni yuksaklikka ko’tarishi yoki tanazzulga duchor etishi mumkin.