MUSTAQILLIK DEKLARATSIYASI
MUSTAQILLIK DEKLARATSIYASI — 1) (AQSH. 1776-yil 4-iyul) Shimoliy Amerikadagi mustaqillik uchun urush davrida (1775-1783) ingliz mustamlakalari vakillarining Ikkinchi Kontinental kongressi tomonidan qabul qilgan xujjat. Mustaqillik deklaratsiyasi Tomas Jeffersonning respublika va demokratiya ruhi bilan tuzilgan loyihasiga asoslangan. Mustaqillik deklaratsiyasi mustamlakalarning metropoliyadan ajralganligini va yangi mustaqil davlat – Amerika Qo’shma Shtatlari barpo etilganligini, shuningdek, xalq erkinligini, barcha kishilarning qonun oldida tengligini e‘lon qildi. Mustaqillik deklaratsiyasi katta tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan. 2) (O’zbekiston. 1990-yil 20-iyun) O’zbekiston SSR Oliy Sovetining ikkinchi sessiyasida qabul qilingan. U O’zbekistonning mustaqillikka erishishida muhim qadam bo’ldi. Mustaqillik deklaratsiyasida ―O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Kengashi o’zbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va tarkib topgan boy an‘analari, har bir millatning o’z taqdirini o’zi belgilash huquqini ta‘minlashdan iborat oliy maqsad sari, O’zbekistonning kelajagi uchun tarixiy mas‘uliyatni chuqur his etgan holda xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya prinsiplariga asoslanib, O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining davlat mustaqilligini e‘lon qiladi, deb yozib qo’yilgandi. Ana shu hujjat asosida O’zbekistonning iqtisodiy va siyosiy hayotiga doir masalalar mustaqil tarzda hal qilina bordi va 1991-yil 31-avgustda ―O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida qonun qabul qilindi.