MUNISIPALITET
MUNISIPALITET (nem. munizipalitet, lot. municipium – o’zini o’zi idora qiluvchi jamoa) — bir qancha mamlakatlarda mahalliy boshqaruv va o’zini o’zi boshqaruvchi saylab qo’yiladigan organlarning majmui. Ayrim mamlakatlarda (masalan, AQSH, Buyuk Britaniya) shahar boshqaruv organlarigina Munisipalitet deb ataladi. Moskva shahrida mahalliy o’zini o’zi boshqaruvchi organ Munisipalitet deb ataladi, u munisipal yig’ilish va mahalliy ma‘muriyat boshlig’i (Munisipalitet rahbari)ni o’z ichiga oladi. Munisipalitet tegishli ma‘muriy-hududiy birlik aholisi tomonidan saylanadi va unga Konstitutsiyaviy huquqda xalqning huquqiy korporatsiyalari sifatida qaraladi. Odatda, Munisipalitet mer, burgomistr va shu kabilar boshchiligidagi saylab qo’yiladigan rayosat hamda ijrochi mulozimlar devonidan iborat bo’ladi. Munisipalitet munisipal korxonalar, turar joy fondi va boshqa mulklar egasi bo’lishi mumkin; u davlat maktablari, sanitariya xizmati idoralari, mahalliy politsiya, bir qancha mamlakatlarda esa tibbiy xizmat va ijtimoiy ta‘minot bo’yicha turli muassasalarni boshqaradi. Munisipalitetning asosiy daromad manbai aholidan yig’iladigan mahalliy soliqlardir.