NEOFASHIZM

NEOFASHIZM (grek. neos – yangi, ital. fascismo – bog’lam, dasta) — hozirda o’ng, tajovuzkor harakatlarni anglatuvchi tushuncha. Ikkinchi jahon urushidan keyin tarqatib yuborilgan fashist tashkilotlarining siyosiy va g’oyaviy izdoshlari faoliyatini ifodalaydi. Neofashist guruhlari va partiyalari terroristik diktaturaga intiladi. Bu yo’lda ular siyosiy manfaatlari mos tushgan hukmron doiralar bilan yaqin aloqada bo’ladi. Neofashizm ashaddiy shovinizm, irqchilik va jaholatparastlik g’oyalariga suyanadi. Hozirgi davrda bunday kayfiyatdagi guruhlar turli mamlakatlarda paydo bo’lmoqda. Ular har xil qo’poruvchilik ishlari bilan demokratik jarayonlarga xalaqit bermoqda. Masalan, Angliyada ―Milliy front, Gollandiya, Belgiya, Skandinaviya mamlakatlari, AQSH, Rossiya va boshqa davlatlarda neofashist guruhlari va tashkilotlari faoliyati namoyon bo’lib turibdi. Ular turli shiorlar va maqsadlar ostida goh oshkora, goh yashirin tusda harakat olib bormoqda. Neofashizm xalqaro keskinlik, militarizm va qurollanish poygasi tarafdoridir. Chunki bunday sharoit ular ko’zlayotgan maqsadlariga erishish uchun qulay vaziyatni yuzaga keltiradi. Neofashizm insonparvarlikka qarshi chiqadi, irratsionalizmni yoqlaydi, fashistik atributikadan tez-tez foydalanadi.