QULLIK

QULLIK — ekspluatatsiyaning tarixan dastlabki va eng qo’pol shakli, unda qul ishlab chiqarish qurollari qatorida, o’z xo’jayini – quldorning mulki hisoblangan. Quldorlik tuzumiga asos bo’lgan. Qullikning manbai: urush yoki qaroqchilik paytida asir olingan begona qabila a‘zolari, jinoyat qilgan yoki qarzlarini to’lay olmagan qabiladoshlar, shuningdek, qullarning tabiiy ko’payishi, qullar savdosi va boshqalar. Quldorlar jabr-zulmi qullarning yirik qo’zg’olonlariga sabab bo’lgan. Plantatsiyalarda og’ir mehnat qiluvchi qullarga ish hayvoni sifatida qaralgan. Qullar qarshiligining kuchayishi va Qullikka qarshi keng jamoatchilik harakatining avj olishi natijasida Qullik bekor qilina boshlagan. Masalan, AQSHdagi fuqarolar urushi (1861-1865) natijasida Qullik bekor qilingan. Biroq Markaziy va Janubiy Arabistonda va Afrikaning ba‘zi mamlakatlari (Efiopiya, Nigeriya va boshqalar) da Qullik XX asrning 50-yillarigacha saqlangan. BMT 1948-yil qabul qilgan Inson huquqi umumiy deklaratsiyasining 4-moddasida Qullik va qul savdosining hamma turlari taqiqlanishi e‘lon qilingan. 1956-yil Jenevada 59 ta davlat vakillari Qullik qul savdosi va Qullikka o’xshash odatlar (majburiy mehnat va boshqalar)ni bekor qilishga doir konvensiya qabul qilishgan.