SIYOSAT

SIYOSAT — siyosiy hokimiyatni egallash, qo’lda tutib turish va undan foydalanish maqsadida katta ijtimoiy guruhlar, siyosiy partiyalar, ijtimoiy harakatlarning davlat munosabatlari sohasidagi faoliyati. Siyosat, shuningdek, jamiyatdagi umumiy manfaatlarni aniqlash, butun jamiyat uchun majburiy bo’lgan qarorlarni ishlab chiqish va ularni davlat hokimiyati yordamida amalga oshirish bilan bog’liq faoliyat. Siyosatga jalb etiladigan manfaatlar guruhiy tabiatga ega. Shuning uchun ma‘lum bir guruhlar boshqa guruhlarning holati, maqsadlari, maqomlari, manfaatlariga ta‘sir ko’rsatishni boshlaganlarida va bunga davlat hokimiyatini jalb etganlarida siyosat to’g’risida so’z yuritiladi, deb ayta olamiz. Siyosatsiz jamiyat bo’lmagan. Jamiyat faqat siyosiy jamiyat holatidagina yaxlitlikni namoyon etadi. Siyosiy munosabatlar ommaviy, ya‘ni umumiy g’oya, maqsadlar va qadriyatlar asosida birlashgan mustaqil jamoaga nisbatan himoya funksiyasiga ega. Siyosat – ijtimoiy munosabatlarni boshqaruvchi, tartibga soluvchi global mexanizm bo’lib, u guruhlar o’rtasidagi ixtiloflarni tartibga soladi, ular o’rtasida muloqotni vujudga keltiradi, hokimiyat uchun kurash jarayonining institutsionallashgan, madaniy, insoniy shakllarini yaratadi va tutib turadi, biror tomon ustunligini istisno etadi. Ya‘ni Siyosat sohasiga kirgan har qanday ishtirokchi (aktor) boshqa ishtirokchilar (aktorlar) manfaatlarini hisobga olishga majbur bo’ladi. Siyosat funksiyalari: jamiyatdagi guruhlar va qatlamlarning hokimiyatga doir manfaatlarini bayon etish; ixtiloflarni yumshatish, ularni institutsionallashtirish, qarama-qarshi tomonlarni kelishtirish; jamiyat faoliyati va rivojini ta‘minlash maqsadlaridan kelib chiqib moddiy va ma‘naviy resurslarni taqsimlash va qayta taqsimlash; ijtimoiy rivojlanishning umumiy maqsadlarini ilgari surish; jamiyatni birlashtirish va ijtimoiy tizim yaxlitligini ta‘minlash; shaxsni ijtimoiylashuvini ta‘minlash; kommunikatsiyani ta‘minlash; ijtimoiy hayotni tashkil etishning yangi shakllarini yaratish.