Marg’iyona

Marg’iyona-Murg’ob daryosi vodiysidagi qadimiy viloyat. Marg’iyona haqidagi dastlabki ma’lumotlar ilk yozma manbalar – “Avesto” va “Bihustun” qoya tosh yodgorligida keltirilgan. Marg’iyona g’arbda Parfiya, shimoli-sharqda – So’g’d, sharqda – Baqtriya, janubda – Ariya bilan chegaralangan. Poytaxti Qadimgi Marv hududida joylashgan. Miloddan avvalgi VI asr o’rtalarida Marg’iyonani ahamoniylar istilo qiladi. Doro I hukmronligi davrida Marg’iyona aholisi o’zi saylagan Frada ismli lashkarboshi rahbarligida ahamoniylar zulmiga qarshi qo’zg’olon ko’targan. Doro I qo’shinlari qo’zg’olonchilaarning ko’pini qirib tashlab, qo’zg’olonni bostirgan. Marg’iyonaning markazi vayron qilingan. Miloddan avvalgi 328 yili Marg’iyonani Aleksandr Makedonskiy istilo qilgan. Miloddan avvalgi III asr o’rtalarida Marg’iyona Grek-Baqtriya podsholigiga tobe bo’lgan. Oradan 100 yilcha o’tgach, bu yerni Parfiya davlatining podshosi Mitridat I egallagan. Milodiy I asrdan Marg’iyona Kushon podsholigi tarkibiga kirgan. III asrda Eron bosib olgan. Keyingi yozma manbalarda Marg’iyona Marv viloyati va vohasi nomi bilan tilga olinadi.