AMORTIZATSIYA AJRATMALARI
AMORTIZATSIYA AJRATMALARI – mahsulot tannarxiga kiritiladigan asosiy fondlar amortizasiyasi summasi; asosiy fondlarni qisman tiklash (kapital ta’mir va yangilash) va to’liq tiklash (Renovatsiya) fondlarini yaratishga xizmat qiladi. Amortizatsiya ajratmalari me’yorlari asosiy fondlar qiymatiga proportsional holda hisoblanishi, ya’ni taxminan foydalanish muddatiga tekis taqsimlanishi yoki kamayib boruvchi balans usulida — jadallashtirilgan tartibda hisoblanishi mumkin. Jadallashtirilgan tartibda foydalanishning birinchi yilida amortizatsiya me’yori 2 marta oshiriladi, ikkinchi yili qoldiq qiymatining 20% va shu tarzda ajratmalar nazarda tutiladi. Natijada asosiy fondlar qiymatining qismi ular xizmat muddatining yarmidayoq amortizatsiyalanadi. Amortizatsiya me’yorlarining pasaytirilishi asosiy fondlarning yangilanishini sekinlashtiradi, oshirilgan me’yorlar mahsulot tannarxini qimmatlashtiradi. Shu sababli Amortizatsiya ajratmalari normativlari davlat tomonidan tartibga solinadi. Amortizatsiya ajratmalari ta’minlashi kerak bo’lgan asosiy shart asosiy fondlar eskirishini to’liq qoplash va ularni takror yaratishni ta’minlashdir. Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda davlat Amortizatsiya ajratmalari normativlarini belgilab, jadallashtirilgan amortizatsiya orqali tadbirkorlarga soliqqa tortiladigan foyda summasini kamaytirishga imkoniyat yaratib beradi. Ayni paytda asosiy fondlar qiymatini hisobdan chiqarishni tezlatish tadbirkorni asosiy fondlarning ma’naviy eskirishi bilan bog’liq ehtimoli bo’lgan zarar ko’rishdan saqlaydi, yangi texnika va texnologiyani tezroq joriy etishga rag’batlantiradi.