ANAMNIYALAR

ANAMNIYALAR (Anamnia) — embrional taraqqiyotning dastlabki davrida embrion pardalari, jumladan amnioni ham bo’lmaydigan tuban umurtqali hayvonlar guruhi. To’garakog’izlilar, baliqlar, suvda hamda qurukda yashovchilarni o’z ichiga oladi. Anamniyalar birlamchi suv umurtqalilari bo’lib, embrional rivojlanishi suv muhiti bilan bog’liq.