Aborigenlar

Aborigenlar (lotincha ab origine-qadimdan, boshdan)-biror mamlakat, o’lkaning qadimdan o’sha joyda yashab kelayotgan tub aholisi. Qadimgi Rim rivoyatlariga ko’ra, Apennin tog’lari etaklaridagi Latsiyada yashovchi qadimgi qabila Aborigenlar deb atalgan. Odatda, Aborigenlar deganda bir qator rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlardagi ibtidoiy jamoa qoldiqlari saqlangan etnik guruhlar (Amerika hindulari, eskimoslar, Yangi Zenlandiyadagi maorilar va hokazolar) tushuniladi. Ularning huquqiy maqomi alohida xususiyatlarga ega. Bu maqom Aborigenlar uchun maxsus rezervatsiyalar tashkil etish, umumiy fuqarolik majburiyatlari (soliqlar, harbiy xizmat)dan ozod qilish, an’anaviy o’zini o’zi boshqarish institutlarini e’tirof etish va boshqalarni nazarda tutadi.