Absolyutizm
Absolyutizm (lotincha)-mutlaq hokimlik, hokimi mutlaq, mustabid hokimiyat, cheklanmagan hokimiyat. Hokimiyatni meros tariqasida qo’lga kirituvchi yakka shaxs (imperator, korol, podsho, xon, sulton, amir va boshqalar)ning cheklanmagan hukmronligiga asoslangan idora usuli, davlat tuzumi. Absolyutizm feodalizmning so’nggi bosqichida, ya’ni kapitalistik munosabatlar vujudga kelayotgan davrda paydo bo’lgan. Bu davrda burjuaziya, garchi hokimiyatni qo’lga olish darajasida qudratli bo’lmasa-da, mamlakat ekonomikasida salmoqli o’rinni egalladi, o’z manfaatiga qarshi qo’ya olish imkoniga ega bo’ldi. Ana shu o’tish davrida Absolyutizm vujudga keldi. Absolyutizm feodal jamiyati yemirilayotga, kapitalistik munosabatlar rivojlanayotgan va sinfiy kurash juda keskinlashgan sharoitdagi dvoryanlar diktaturasidir. Absolyutizm tuzumining to’la shakllanib olgan “klassik” shakli Yevropada-Fransiyada (15-asrning ikkinchi yarmidan 17-asr boshigacha), Osiyoda-Yaponiyada namoyon bo’ldi. Absolyutizm Rossiyada 17-asr oxiri, 18-asr boshlarida vujudga keldi. Absolyutizmda davlatni boshqarish ishlarini markazlashtirish tugallanishi natijasida butun hokimiyat davlat boshlig’i-monarx qo’lida to’planadi. Absolyutizm Rossiyada asta-sekin burjua-pomeshchiklar monarxiyasiga aylandi. Feodal davlatining boshqa shakllari kabi Absolyutizm ham mehnatkash xalqni, avvalo, dehqonlarni itoatda saqlash organidir. Absolyutizm o’zining boshlang’ich davrida muayyan progressiv rol o’ynadi. Chunki u feodal tarqoqligi, feodal tarqoqligi, feodal urushlariga xotima berilib, yagona davlat tartibining joriy etilishiga, kapitalistik munosabatlarning o’rnatilishiga olib keldi. Burjuaziya rivojlangani sari Absolyutizm asta-sekin progressiv xarakterini yo’qotib, kapitalistik munosabatlarning yanada rivojlanishiga g’ov bo’ldi. Absolyutizm Angliyada 17-asrda, Fransiyada 18-asr oxiridagi burjua revolyutsiyasidan so’ng, Rossiyada 1917 yil fevral burjua-demokratik revolyutsiyasi natijasida barham topdi.