Aroba turob
Aroba turob (arabcha, turkcha)-turkiy xalqlarda harbiy istehkom turi. Arobaning “arava” ma’nosidan tashqari qo’shinlarni himoya qilish uchun o’rda atrofiga qaziladigan “xandaq” ma’nosi ham bo’lgan. Turo-“odam bo’yidek qalqon”, yassi xoda va uzun temirlar jang kunlari bir-biri bilan zanjir, ilgaklar yordamida, birlashtirilib, qo’shinlar uchun istehkom (qal’a) vazifasini o’tagan. Qo’shinlar uning ortidan turib jang qilganlar. Qadimda turkiy xalqlar jang kunlari katta g’ildirakli, yopiq aravalar (soyabon arava)ni zanjir, ilgaklar bilan birlashtirishgan, ularnign ortida joylashgan jangchilar kamon, o’t ochar qurollar bilan dushman hujumidan o’zlarini mudofaa etganlar. Aroba turob mudofaa yoxud hujum paytida qo’shin bilan birga yoki atrofida bo’lgan. Bunday usulda jang qilish qadimdan (xunlar davridan) ma’lum bo’lib, ular orqali IV-V asrlarda Yevropaga tarqalgan va u yerda vagenburg (nemischa Wagen-arava va Burg-mudofaa), keyinchalik tabor mudofaasi atamasini olgan. Artilleriyaning vujudga kelishi bilan Aroba turob o’z ahamiyatini yo’qotgan.