ANDAVA

ANDAVA (fors-tojikcha andova, ando — somonli loy suvash) — suvoq ishlarida suvalayotgan sathni tekislash, silliqlash, rax chiqarish uchun ishlatiladigan quruvchilik asbobi. Asosan temirdan (ba’zan, taxtadan) uzunligi 30 — 40 santimetr, eni 8-10 santimetr, qalinligi 2 millimetr, uch tomoni ensizroq qilib yasaladi. Yarim yoy shaklidagi dastasi bo’ladi. Bundan tashqari, tunuka qoplangan katta Andava, katta silliqlash Andavasi, namat qoplangan dyuralyuminiyli kichik Andava, tashqi qirra Andavasi, ichki qirra Andavasi, rusta chiqargich Andava, kurakcha Andava (masterok), galtel Andavasi (yarim dumaloq Andava) kabi xillari bor. Katta yuzalarni umumiy silliqlashda gazcho’p (katta yog’och Andava)dan foydalaniladi.