«ANDIJONNOMA»
«ANDIJONNOMA» – Andijon viloyati hokimligining ijtimoiy-siyosiy gazetasi. Andijon shahrida o’zbek tilida haftada 2 marta chiqadi. Dastlab «Qizil qo’shchi va dehqon» nomi bilan (1921 yil 30 maydan), keyinchalik turli nomlarda («Darxon», «Paxta fronti»; 1938-91 yillarda «Kommunist») nashr qilingan. 1992 yildan hozirgi nomda. Gazetada turli davrlarda Cho’lpon, Asqad Muxtor, Saida Zunnunova, Olimjon Xoldor kabi yozuvchilar, taniqli tarjimon Rustam Abdurahmonov faoliyat ko’rsatgan. Turli yillarda tahririyatda mehnat qilgan G’ulomjon Zaynobitdinov, Obloqul Egamov, Karimjon Yo’ldoshev, Yusufjon G’iyosov, Sobirjon Shokarimov, Muhammadjon Abdukarimov, Muqimjon Niyozov, Mahmudjon Norxo’jayev, Rahbarxon Fayziboyeva, To’lqinboy Satimov, Abdumutal Abdullayev, Zahriddin Muhitdinov, Foziljon Siddiqov, Maxpiratxon Tojixalilovalar Respublikada xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, Respublikada xizmat ko’rsatgan jurnalist faxriy unvonlariga sazovor bo’lishgan. Gazeta tahririyati tashabbusi bilan 1970-yillarda tashkil etilgan ishchi va qishloq muxbirlari maktabini 2000 yilga qadar 1000 dan ziyod tinglovchi bitirdi. «Andijonnoma»Andijon viloyatining oynasi sifatida bu yerda bo’layotgan yirik qurilishlarning borishi haqida batafsil maqolalar yoritgan. Jumladan, Andijon suv ombori qurilishi, katta Farg’ona kanali qurilishi, to’qimachilik va yengil sanoat qurilishlari, «Anteks» hamda boshqa qo’shma korxonalar qurilishlari doimiy ravishda gazetaning diqqat markazida turgan. 2000 yil 31 mayda «Andijonnoma» va «Andijanskaya Pravda» gazetalari Birlashgan taxririyati tashkil etildi. Tahririyatda iqtisodiyot, agrosanoat, xatlar va ommaviy ishlar, ijtimoiy masalalar va ma’naviyat hamda sport bo’limlari ishlab turibdi. O’zbek tilidagi gazetaning adadi 4 mingdan ortiq (2000).