Vendetta
Vendetta (italyancha vendetta-o’ch olish)-Sardiniya va Korsika orollarida o’ldirilgan qarindosh-urug’lari uchun qonli o’ch (xun) olish odati (udumi). O’rta yer dengizida hukmronlik qilishga intilgan Shimoliy Afrikadagi qabilalar va dengiz qaroqchilarining bosqinchilik yurishlaridan eng ko’p aziyat chekkan Korsika oroli aholisi o’zida jangovarlik va mustahkam oila tuzumi asoslarini saqlab qolgan. Shu tufayli Korsika Vendettasi o’ziga xos xususiyatlarga ega edi. Vendetta xususiy urush turi bo’lib, urug’-oilaning manfaatlari yoxud sha’ni yo’lida amalga oshirilgan. Vendetta, odatda, zinokorlarga, ayg’oqchiga nisbatan, shuningdek, soxta guvohlik oqibatida aybsiz shaxs o’limga yoki katorgaga hukm etilgan bo’lsa va boshqa hollarda qo’llanilgan. Bu holda, odatda, oilaviy kengash chaqirilib, yetkazilgan ziyon-zahmat, o’ch olish vositalari va hatto yarashish masalalari atroflicha muhokama etilgan. Vendetta masalasi hal qilinsa, uning qay shaklda va kim tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Odatda, bu ishni bajarish oila sha’ni uchun hayotini qurbon qilishga tayyor bo’lgan bo’ydoq yigitlarga yuklatilgan. Raqibga “ehtiyot bo’l” degan mazmunda ogohlantiruvchi belgi jo’natilgan. Biroq urush e’lon qilingan paytdan e’tiboran ham uzoq muddatli kelishuvga yo’l qo’yilgan va bu odatni hech kim, hatto eng ashaddiy korsikalik bandit ham buzishga jur’at qilmagan. Vendettada turli xil harbiy hiylalar, pistirmalar, yashirin suratda o’ldirib ketish va boshqalarga yo’l qo’yilmagan. Vendettani amalga oshirgan shaxs ko’pincha bir umrga tinch hayotni tark etib, yo’lto’sar, qaroqchiga aylanib ketgan. XVII asr oxiri-XVIII asr boshlarida Vendetta tufayli 28 ming qotillik sodir etilgan. XX asr boshlarida ham mavjud bo’lgan.