Gotika, Gotika uslubi

Gotika, Gotika uslubi (italyancha gotico-german qabilasi gotlar nomidan)-G’arbiy Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida o’rta sarlar san’atida hukm surgan badiiy uslub. Gotika atamasi Uyg’onish davrida qo’llanila boshlagan. XII asrda roman uslubi o’rniga yuzaga kelgan. Gotikada yetakchi o’rinni me’morchilik egalladi, unda me’morchilik, haykaltaroshlik va rangtasvir (asosan, vitraj) uyg’unligining buyuk namunasi bo’lgan ibodatxona alohida o’rin tutadi. Ibodatxona qurishning yangi loyiha tizimi ishlab chiqildi: bosh tarzi uchli ravoqli va gumbazli qovurg’ali (nervyur), og’irligi arkbutanlar orqali tashqi devor va tayanch ustunlar (kontrfors)ga o’tkazilgan sinchli tuzilma. Gumbaz to’shamalari yengil qalamalar bilan to’ldirilgan, ustun oralaridagi yirik oynalar vitrajlar bilan bezatilgan. G’arbiy tarzida minoralar (balandligi 150 metrgacha) qurilgan. Bu yangi loyiha neflar kengligi va bino balandligini birmuncha oshirgan. Shuning hisobiga inshoot yengil, mujassamotiga ko’ra ko’kka cho’zilgan. Ichi va tashqarisi haykallar va nafis tosh o’ymakori bezaklar bilan bezatilgan. Mujassamotida panjarali baland minoralar muhim o’rin tutgan. Gotika me’morchiligia uchli vimperglar, deraza va peshtoqlar, doira shaklidagi oynalar, bezak qism (fial)lar va hokazo me’moriy shakllar xos. Gotika XII asr o’rtalarida Shimoliy Fransiyada yuzaga keldi. XIII asr 1-yarmida yuksak darajada rivojandi. Shu yerda Gotikaning tosh ibodatxonalari o’zining mumtoz shakliga ega bo’ldi. Bibi Maryam ibodarxonasi (Notr-Dam, 1163-1257), Shartr (1194-1260), Reyms (1211-1311), Amyen (1220-1288) va boshqalardagi ibodatxonalar Gotikaning yuksak namunasidir.