Dvoryanlar, dvoryanlik

Dvoryanlar, dvoryanlik (ruscha)-o’rta asr jamiyatida imtiyozlari merosiy bo’lib qonun bilan mustahkamlangan oliy tabaqalardan biri (ruhoniylar bilan birga). Xususiy yer egaligi Dvoryanlarning iqtisodiy va siyosiy ta’siri asosini tashkil etgan. G’arbiy Yevropada Dvoryanlar qadimgi aristokratlar avlodidan, qirol saroyidagi mansabdor shaxslar, ritsarlardan shakllana borgan va absolyutizm (mutlaq hokimiyat) davrida vujudga kelgan. Dvoryanlar oliy va quyi tabaqaga bo’lingan, bu esa ularning unvonida o’z ifodasini topgan (Angliyada baron va ritsarlar, Ispaniyada grandlar va idalgolar, Polshada magnatlar va shlyaxtalar va boshqalar). G’arbiy Yevropa mamlakatlarida tabaqaviy jamiyat tugatilgandan so’ng, Dvoryanlar o’zining ko’pgina imtiyozlari va siyosiy ta’sirini saqlab qolgan. Rossiyada XII-XIII asrlar harbiy xizmatchilar tabaqasining eng quyi qismi sifatida vujudga kelgan. XIV asrda Dvoryanlar xizmatlari evaziga yer olishgan. Pyotr I davrida Dvoryanlarning shakllanish jarayoni nihoyasiga yetgan. Dvoryanlarning safiga davlat xizmatidagi mansab pog’onasidan ko’tarilishiga qarab boshqa tabaqa vakillari ham kelib qo’shilgan. 1762 yili Dvoryanlar Pyotr I tomonidan joriy etilgan majburiy harbiy va fuqarolik davlat xizmatlaridan ozod bo’lishga erishishgan; Dvoryanlar jismoniy jazoga tortilmagan, yollanma harbiy xizmat majburiyati va shaxsiy soliqlardan ozod etilgan. Yekaterina II tomonidan berilgan inoyatnoma (1785) (rus Dvoryanlarining erkin va ustuvorliklari) Dvoryanlarning shaxsiy imtiyozlariga keng yo’l ochib bergan, dvoryan o’z-o’zini boshqaruv tizimini joriy etgan. Dvoryanlar tabaqa sifatida Oktabr to’ntarishidan so’ng tugatilgan.