Diktatura
Diktatura (lotincha dictatura-cheklanmagan hokimiyat)-davlat hokimiyatini nodemokratik usullar bilan amalga oshirish tizimini ifodalovchi tushuncha, avtoritar yoki totalitar rejim. Diktaturaga asoslangan siyosiy rejimda hokimiyat bir shaxs-diktator yoki bir necha shaxsarning qo’lida markazlashadi, siyosatda zo’ravonlik va terror kuchayadi. Diktatura o’rnatilganligi, diktatorlik hokimiyatining cheklanmaganligi va nazoratsizligi, konstitutsiya e’lon qilgan demokratik huquqlar va erkinliklar toptalishi, vakillik organlarining huquqlari cheklanishi bilan ajralib turadi. Hokimiya to’g’ridan-to’g’ri zo’ravonlikka tayanadi. Odatda, yirik ijtimoiy guruhlar Diktaturani ifoda etuvchi kuch sifatida namoyon bo’lsa-da, u bir shaxs yoki bir guruh shaxslarda mujassamlashadi (Qadimgi Rimda harbiy boshliqlar Diktaturasi va triumviratlar, mutlaq monarxlar, hozirgi avtoritar tuzumlar, xuntalar va hokazolar). Biron-bir davlatda Diktatura o’rnatilishi, odatda, ichki o’zaro kurash g’oyat keskin tus olgan davrlar bilan bog’liq bo’lgan (masalan, Ispaniyada Franko Diktaturasi, natsistlar Germaniyasida fashistlar Diktaturasi, sobiq sho’rolar davrida Stalin Diktaturasi va bohqalar).