Sa’di Sirojiddinov (1920-1988)
Sirojiddinov Sa’di Hasanovich (1920.10.5, Qo‘qon — 1988.29.4, Toshkent) — matematik olim va jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1966), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1971), fizika-matematika fanlari doktori (1953), professor (1956).
O‘rta Osiyo universitetini tugatgan (1942). Moskva universitetida katta ilmiy xodim (1953—56). O‘rta Osiyo universitetida professor (1956 yildan). 1958 yildan kafedra mudiri, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi matematika instituti direktori (1957—67), ToshDU rektori (1966—70; 1983—87), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti (1970—1983) bo‘lib ishlagan.
Ilmiy ishlari ko‘p o‘zgaruvchili klassik ko‘phadlarning muhim xossalariga bag‘ishlangan. Sirojiddinovning Markov zanjirlari uchun limit teoremalarni umumlashtirish va asimptotik yoyilmalar sohasidagi tadqiqotlari 50-yillarda Toshkent matematika maktabining yanada yuksalishiga olib keldi.
Sirojiddinov ehtimollar nazariyasi sohasidagi yutuqlarni matematik statistikaga qo‘lladi. 60-yillarda Sirojiddinov va uning shogirdlari o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan va Markov zanjirini tashkil qiluvchi tasodifiy miqdorlar hamda tasodifiy vektorlar yig‘indisi uchun limit teoremalariga doir muhim masalalarni hal qiddilar; shu masalalar bilan bog‘liq tekis baholashlarga oid tadqiqotlari katta tatbiqiy ahamiyatga ega.
Sirojiddinov ommaviy xizmat ko‘rsatish nazariyasi, statistikaning turli sohalari, statsionar jarayonlar nazariyasi va boshqa sohalarda ham keng ko‘lamda tadqiqot olib borgan. O‘rta Osiyo mutafakkirlarining ilmiy merosini o‘rganishda, O‘rta Osiyo, ayniqsa, O‘zbekiston uchun yuqori malakali matematik mutaxassislar tayyorlashda Sirojiddinovning xizmatlari katta. Sirojiddinov, shuningdek, yosh matematiklar maktabini tashkil etish, Respublika yosh matematiklar olimpiadasini o‘tkazishda muayyan hissa qo‘shgan.
Sirojiddinov Bernulli nomidagi xalqaro matematik statistika va ehtimollar nazariyasi jamiyati (Gollandiya)ning haqiqiy a’zosi (1966). Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1973), «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2002).