Latifundizm
Latifundizm (lotincha latifundium, latus-keng va fundus-pomestye)-yer egaligi tizimi, asosini yirik pomeshchik yer mulklari-latifundiyalar tashkil etadi. Miloddan avvalgi II asrda Qadimgi Rimda yuzaga kelgan. Latifundiya yerlarining katta qismi zaytunzorlar, tokzorlar va donli ekinlar yetishtiriladigan bepoyon dalalar tashkil etgan va ko’pincha qullar tomonidan ishlov berilgan. Quldorlik tuzumi inqirozi bilan latifundiyalar mayda bo’laklarga bo’lingan va kolonlarga ijaraga berilgan. Feodalizm davrida Latifundizm qishloq xo’jaligi sohasining asosiy shakli bo’lib qoldi, bunda qaram dehqonlar mehnati bosh rolni o’ynagan. XVI-XVIII asrlardagi burjua inqiloblari Latifundizm tizimiga keskin zarba bergan bo’lsa-da, uning qoldiqlari keyingi davrlarda ham saqlangan.