Maktabxona
Maktabxona-boshlang’ich ta’lim maktabi. Dastlab VII-VIII asrlarda arab mamlakatlarida paydo bo’lgan. IX-X asrlarda aholisi islom diniga e’tiqod qiladigan Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlari, O’rta Osiyo, Volgabo’yi hamda boshqa joylarga tarqalgan. O’g’il bolalar Maktabxonalari aksariyati masjidlar, madrasalar, qorixonalar qoshida yoki xususiy maktabdorlar xonadonlarida, qiz bolalar Maktabxonalari o’qituvchi ayollar uylarida yoki badavlat kishilarning maktab yoshidagi qizlari uchun ularning uylarida tashkil etilgan. Maktabxonada bolalar o’qish-yozishga o’rgatilgan, madrasalarga o’qishga kirish uchun zarur bilimlar berilgan. Maktabxonalar xarajati va domlalarning daromadi vaqf mulkidan tushgan daromadlar hamda o’quvchilarning ota-onalari tomonidan o’qish uchun to’plangan mablag’lar hisobidan bo’lgan. Yetim-yesirlar bepul o’qitilgan. Bolalar o’qish uchun Maktabxonaga 5-6, ba’zan 6-8 yoshdan berilgan hamda o’quv kursi 5-8 yil davom etgan.