Manjaniq
Manjaniq (arabcha)-toshotar harbiy qurilma. Eshilgan pay, tola yoki junning egiluvchanlik kuchi ostida harakatga keltirilgan. Qadimgi Yunoniston va Rimda katapulta nomi bilan yuritilgan. Asosan, qal’a va qo’rg’onlarni qamal qilishda qo’llanilgan. Manjaniq yordamida qamaldagilarga qarata tosh yadrolar irg’itilgan. Tosh topilmagan kezlarda, turli daraxtlardan tayyorlangan g’o’la va kundalardan foydalanilgan. Manjaniqdan otilgan tosh, kunda, g’o’lalar bir necha yuz metrga borib tushgan. Manjaniq qal’a, qo’rg’on devorlarini buzish, raxna ochish yoki binolarni yakson qilish, shuningdek, qamaldagilarga qiron keltirish uchun ham mo’ljallangan. O’rta Osiyoda XV asrdan e’tiboran o’t sochish quroli-to’p, zambarakning qator turlari qurollanishda muhim o’rin egallashi sababli Manjaniqdan asta-sekin voz kechilgan. Toshotar qurilmaning Manjaniqqa nisbatan kichik turi arroda deb nomlangan.