Nog’oraxona

Nog’oraxona (naqqoraxona)-o’rta asrlarda hukmdor saroyida musiqa cholg’u asboblari (nay, karnay, sunray, nog’ora va hokazolar) saqlanadigan va shu asboblar ijrochilariga mo’ljallangan maxsus joy. Xorazmshohlar davrida Nog’oraxona o’rnida tablxona atamasi qo’llanilgan. Harbiy harakatlar chog’ida Nog’oraxona oliy bosh qo’mondonning baland yerga o’rnatilgan chodiri oldidan joy olgan, jangchilarni ruhlantiruvchi kuylarni tinmay ijro etib turgan. Nog’oraxonadan eshitiluvchi musiqa ovozining tinishi muayyan darajada mag’lubiyatdan darak bergan. Saroylarda Nog’oraxona darvoza ustidagi xonaga joylashgan. Nog’oraxonada mavjud cholg’u asboblaridan saroyda o’tadigan turli tantanalar, bayramlar, xalq tomoshalarida foydalanilgan. Nog’oraxonadagi cholg’uchilarga mehtar boshchilik qilgan.