ANIQLIK SINFLARI

ANIQLIK SINFLARI – 1) mashinasozlikda — detallarni aniq tayyorlash mezonlari. Davlat standartlari (andozalari)da ko’rsatilgan yo’l qo’yiladigan xatolik (dopusk)lar qiymati bilan belgilanadi. Aniqlik sinflari buyumlarning alohida parametrlari (chiziqli o’lchamlari, burchaklari, tishli g’ildiraklarning parametrlari) da, yaxlit buyum (metall kesish stanoklari va boshqalar) da belgilangan bo’lishi mumkin. Standart tizimlarida barcha Aniqlik sinflaridagi dopusklar nominal (me’yoriy) o’lchamga bog’liq bo’lgan dopusk birligi asosida aniqlanadi. Har qaysi dopusklar tizimida bir necha Aniqlik sinflari mavjud bo’ladi. Ular tartib raqamlari bilan belgilanadi. Dopusklarning oshishi bilan Aniqlik sinflari raqamlari ham oshadi. «Valteshik» tizimi uchun 19 kvalitet belgilangan (dastlabki 6 tasi kalibrlar, qolganlari aniq buyumlar uchun qo’llaniladi). Bu aytilgan Aniqlik sinflari sobiq Ittifoqda amal qilgan, hozir Rossiyada ham amal qilmoqda. O’zbekistonda yangi standartlar qabul qilinishi munosabati bilan Aniqlik sinflari toifalari ham o’zgartirilmoqda; 2) o’lchov vositalarining umumlashtirilgan tafsiloti; ular uchun aniqlikka ta’sir qiladigan va davlat standartlarida belgilangan asosiy va qo’shimcha xatoliklar hamda boshqa parametrlari chegarasi ko’rsatkichi vazifasini o’taydi.