Jazira, Al-Jazira
Jazira, Al-Jazira — Iroq, Suriya, Turkiyadagi plato, Mesopotamiya pasttekisligining shimoliy qismi. Shimoliy va sharqdan Tavr va Zagros tog’ tizmalari bilan chegaralangan, G’arb va Janubi-g’arbda Suriya cho’li va Arabiston yarim oroli platosiga tutashgan, Janubi-sharqda Mesopotamiyaning past Janub qismidan tik yon bag’ir bilan ajralgan. Balandligi shimoliy-g’arbda 450 metr, Janubi- Sharqda 200 metr. Tekislik Dajla va Furot daryolarining terrasalashgan vodiylari bilan kesilgan. Jazira bo’r va miosen davrlarining qumtosh va ohaktoshlaridan, allyuviy va bazalt maydonlaridan tashkil topgan. Shimolda yirik neft konlari (Kirkuk va boshqalar) topilgan. Iqlimi issiq, quruq yoz va nam bahorli subtropik, o’rta dengiz iklimi. Chala cho’l, cho’l va to’qay o’simliklari o’sadi. Voha dehqonchiligi bilan shug’ullaniladi.