Jambil
Jambil (Satureja hortensis) — labguldoshlar oilasiga mansub bir yillik xushbo’y o’simlik. Tarkibida efir moyi, alkoloidlar, oshlovchi moddalar, fitontsidlar bor. O’zbekistonda sug’oriladigan yerlarda ziravor o’simlik sifatida ekiladi. Xonadonlarda dastlab urug’ini sepib, so’ngra niholini ko’chat qilib yetishtiriladi. Bo’yi 20-30 santimetr, poyasi yuqori qismidan shoxlaydi, barg chetlari tekis. Gullari pushti, boshoqsimon to’pgullarga yig’ilgan, poya va shoxlarining uchiga joylashgan. Iyul—oktabrda gullab, urug’laydi. Pazandalikda sho’rva va suyuq oshlarga shoxchasi bilan solinadi. Me’da-ichak kasalliklarini davolashda va yo’tal, tish og’rigiga qarshi qo’llash mumkin.