Jazoir

Jazoir, Jazoir Xalq demokratik Respublikasi (Arab. — Al-Jumhuriya al-Jazoiriya demokratiya ash-Shaabiya) — Afrikaning shimoliy-g’arbidagi davlat, Mag’rib mamlakatlaridan biri. Maydoni 2381,7 ming km2. Aholisi 30,6 million kishi (2001). Poytaxti — Jazoir shahri. Jazoir hududi ma’muriy jihatdan 47 viloya (viloyat) va katta Jazoir poytaxt okrugiga bo’linadi. Davlat tuzumi. Jazoir — respublika. Amaldagi Konstitutsiya 1996 yil 28 noyabrdagi referendumda ma’qullangan. Davlat boshlig’i — prezident (1999 yildan A. Buteflika). U umumiy va to’g’ri yashirin ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadi va yana 1 marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — bir palatali Milliy xalq Majlisi. Ijrochi hokimiyat — prezident boshchiligidagi Vazirlar kengashi. Tabiati. Jazoir Atlas tog’larining Markaziy qismida va Sahroi Kabirda joylashgan. O’rta dengiz sohili subtropik, qolgan qismi tropik mintaqada. Tel- Atlas, Saxroi Kabir atlasi tizmalari, Ores va Varsenis tog’larini chukur daralar kesib o’tgan. Tog’ oralaridagi tekislik va platolarda sho’r kul (sebx)lar, shimoliy-Sharqdagi katta past-tekislikda kumliklar uchraydi. Janubi-sharqda zinapoyasimon platolar bilan o’ralgan Axaggar vulkan tog’ligi (Taxat cho’qqisi 3005 metr) joylashgan. Qumli (Katta G’arbiy Erg, Katta Sharqiy erg, Igidi, Shesh va boshqalar) va Toshloq, katta cho’llar bor. Jazoirda neft, tabiiy gaz, uran, temir, qo’rg’oshin va rux rudalari, fosforit, simob qazib olinadi. Jazoir neft zaxirasi bo’yicha Afrikada 3-o’rinda (200 ga yaqin neft va gaz konlari bor). Jazoirning shimolda iqlim subtropik, O’rta dengiz iqlimi, qishi seryomg’ir, iliq, yozi issiq, quruq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi sohilda 12°, tog’ oralig’idagi tekisliklarda 5°, iyulniki 25°. Eng yuqori temperatura hamma joyda 40° dan baland. Yozda quruq shamol va qattiq qurg’oqchilik bo’lib turadi. Noyabr—yanvarda yog’ingarchilik ko’proq bo’ladi. Yillik yog’in tel-atlasda 400-800 mm, Kabiliya tog’larida 1200 mm gacha. Qishda qor tog’ cho’qqilarida 10-20 kungina saqlanib turadi. Saxroi Kabir qismida iyulning o’rtacha temperaturasi 30°, yillik yog’in 200-400 mm. Sahroi Kabirda cho’l iqlimi, yillik yog’in 50 mm dan kam. Temperaturaning sutkalik farqi 30° ga yetadi. Qumli bo’ron bo’lib turadi. Quruq Daryo o’zanlari — vodiy ko’p. Eng kattasi — Shalif (uzunligi 700 kilometr). Daryolarda qisqa vaqtli toshqinlar bo’lib turadi. Jazoirning shim.dagi vodiylarda to’g’on, suv omborlari va GESlar qurilgan. Sug’orishda foydalaniladi. Saxroi Kabirda yer osti suvlarining zaxirasi katta. Shimoliy Jazoirda jigarrang tuproklar, balandlik mintaqalarida esa jigarrang va qo’ng’ir o’rmon tuproqlari tarqalgan. Tog’ etaklarida sho’rxoklar uchraydi. Sahroi Kabirda Toshloq cho’l tuproqlari, shamolda ko’chib yuruvchi qumlar bor. Sohillarda O’rta dengizga xos o’simliklar, tog’larning 800-1000 metr balandliklari oralig’ida doimiy yashil butazorlar, zaytun, xandon pista, undan yuqorida po’kak daraxti, dub, qarag’ay, archa, sarv va boshqalar o’sadi. 1500-2000 metr balandlikda tuyya va archazorlar, 2000 metrdan yuqorida kedrzorlar bor. Tel- Atlasdan Janubda chala cho’l o’simliklari, Saxroi Kabir qumlarida sho’ra, efemer o’simliklar o’sadi. Arslon, qoplon, g’izol, tuyaqush, baklanning ko’pi qirib yuborilgan. Shimoliy Jazoirda maymun, to’ng’iz, quyon, Sahroi Kabirda sirtlon, chiyabo’ri, tulki, g’izol va jayranlar uchraydi. Kemiruvchilar, yirtqich qushlar, sudralib yuruvchilar, hasharotlar (chigirtka) va boshqalar ko’p. Aholisi asosan Jazoir arablari (83%) va barbarlarpyam iborat. Yevropaliklar ham bor. Shahar aholisi — 51,7%. Rasmiy tili — Arab tilining Jazoir lahjasi. Arab va barbarlar islom dinining sunna mazhabida. Yirik shaharlari: Jazoir, Oran, Konstantina, Annaba. Tarixi. Jazoir hududidan topilgan quyi va o’rta paleolit davriga mansub tosh qurollar bu yerda 300-400 ming yil ilgari ibtidoiy odamlar yashaganidan dalolat beradi. Miloddan avvalgi 12-asrda Finikiyaliklarning birinchi manzilgohlari paydo bo’lgan. Miloddan avvalgi 3-asrda Jazoir hududida vujudga kelgan Numidiya davlatida shaharlar qurilgan, dehqonchilik rivojlangan. Keyinchalik u Rimning bir viloyatiga aylanib qolgan (miloddan avvalgi 46 yil). Rimliklar hukmronligi vaqtida lotin tili, 2-asrdan xristian dini tarqaldi. 5-asrda Jazoir hududini vandamar, 6-asrda vizantiyaliklar egallagan. 7-asrda Jazoir Arab xalifaligi tarkibiga qo’shib olindi. Barbarlar Islom dinini qabul qildi. 8-asrga kelib, Mag’ribda bir necha sultonliklar Arab xalifaligidan ajralib chiqdi. Bulardan eng yirigi xorijiylar imomatligi edi. Keyinchalik bu yerda fotimiylar, Ziyoriylar, xammodiylar davlati vujudga keldi. 11-asrda ikki yirik Arab qabilasi (Banu Hilol va Banu Sulaymon)ning Jazoirga kirib kelishi arablashtirishni tezlashtirdi. Mamlakatning g’arbiy qismida Al-Murobitun, keyinchalik Al-Muvahhidun davlati paydo bo’ldi. 16-asr boshlarida Jazoirning qirg’oqbo’yi shaharlarini ispanlar bosib oldi. Jazoir zamindorlari mamlakatni himoya qilishda «dengiz qaroqchilari» deb nom chikargan aka-uka Barbarossaaan yordam surashdi. Lekin Xayruddin Barbarossa (1519-46 yillar hukmronlik qilgan) harbiy tartib o’rnatib, o’zini turk sultonining noibi deb e’lon qildi. 16-asrning 2-yarmida Jazoir Usmonli turk saltanatining posholigi (viloyati)ga aylantirildi. Yuqori tabaqa vakillari tomonidan saylangan dey (yo’lboshchi) bobo Ali turklarga boj to’lamay, mustaqil bo’lib oldi (1711). Yevropa davlatlari Jazoir mustaqilligini tan olib, u bilan shartnoma tuza boshladilar. Lekin frantsuzlar dey armiyasini yengib (1830), mamlakat poytaxti — jazoirni egalladi. Mamlakat ichkarisida Amir Abdulqodir boshchiligidagi kabilalar frantsuzlarga qattiq qarshilik ko’rsatdi. Lekin bu harakat bostirildi. Frantsiya hukumati yevropaliklarga Jazoir yerlaridan foydalanishga ruxsat berdi. Mamlakatda yevropalik ishchilar, xizmatchilar va ziyolilar soni orta boshladi. Ammo mahalliy aholining siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va yevropaliklar tuzgan tashkilotlarga a’zo bo’lishi man qilingan edi. 20-asr boshlarida yosh jazoirliklar harakati boshlandi. Bu harakat qatnashchilari jazoirliklarga Frantsiya fuqarolarining siyosiy huquqlari berilishini talab qildilar. 1-jahon urushi yillarida jazoirliklar Frantsiya armiyasiga safarbar qilindi, bu esa mahalliy aholi noroziligini yanada kuchaytirdi. Mustamlakachilar hukumati ozodlik harakati tazyiqi ostida ayrim jazoirliklarga (sarmoyador, mansabdor va yer egalariga) o’zini o’zi boshqarish organlariga saylovda ishtirok etishlariga rozilik berdi (1919). 1926 yil Frantsiyadagi jazoirlik ishchilarning ko’pchiligi «Shimoliy Afrika yulduzi» nomli milliy inqilobiy tashkilotga birlashdi. Lekin bu tashkilot 1929 yildan Parijda, 1936 yildan Jazoirda yashirin ishlashga majbur bo’ldi. 1931 yil tuzilgan ulamolar uyushmasi madaniyat va ta’limning Arab tilida olib borilishini talab qilib chiqdi. Natijada mahalliy aholi birmuncha siyosiy erkinliklarga, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalariga a’zo bo’lish huquqiga ega bo’ldi. Siyosiy tashkilotlar Jazoirni tinch yo’l bilan demokratlashtirish tarafdorlari tashkiloti — Musulmonlar Kongressi (1936 yil tuzilgan)ga birlashdi. Ammo 2-jahon urushi boshlanishi bilan mamlakatda reaktsiya kuchayib, bir necha partiyalar faoliyati taqiqlab qo’yildi. Mamlakatda ishsizlar tobora ko’paydi. Bu esa mustamlaka tuzumiga karshi norozilikni yanada kuchaytirdi. 1947 yil Jazoirning tog’li joylarida partizan otryadlari (fidoyilar) paydo bo’ldi. 1954 yil martda «birlikda harakat qilish inqilobiy qo’mitasi» tuzilib, keyinchalik u Milliy ozodlik fronti (MOF)ga aylantirildi. MOF sekin-asta qurolli qo’zg’olonga tayyorlandi. 1954 yil 1 noyabrda qo’zg’olon boshlandi. Frantsiya hukumati qo’zg’olonni bostirish uchun Jazoirdagi armiyasining sonini ko’paytirdi. Jazoir Milliy ozodlik armiyasi (jamoa, 1954 yil tuzilgan) barcha vatanparvarlar bilan birlashib, mustamlakachilarga qattiq qarshilik ko’rsatdi. 1958 yilda jamoa rahbarlari bilan Marokash va Tunis hukmron partiyalari vakillari ishtirokida Tanjer va Tunis shaharlaridagi anjumanda tuzilgan Jazoir Respublikasining muvaqqat hukumatini Osiyo va Afrikaning ko’pgina davlatlari tan oldi. Jazoirdagi milliy ozodlik kurashini bostira olmagan Frantsiya hukumati yon berishga majbur bo’ldi. 1962 yil 18 martda Evian shahrida tuzilgan shartnomaga muvofiq urush harakatlari to’xtatilib, Frantsiya Jazoirdan o’z armiyasini, Sahroi Kabirdan harbiy bazalarini olib ketdi. 1962 yil o’tkazilgan saylovda Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi tuzilganligi e’lon qilindi. Respublikaning birinchi hukumatini Axmad bin Bella boshqardi. 1963 yil avgust Konstitutsiyasiga binoan prezidentlik va yakka partiyalik tizimi joriy qilinib, Ahmad bin Bella Prezident deb e’lon qilindi. Shundan so’ng teskarichi kuchlar qo’zg’olon uyushtirdi va bu qo’zg’olon vaqti-vaqti bilan 1965 yilgacha davom etdi. Agrar islohot o’tkazilishining cho’zilib ketishi, mamlakatda ishsizlik ko’pligi natijasida aholi o’rtasida hukumatga qarshi norozilik paydo bo’ldi. 1965 yil 19 iyunda armiya bin bellani hokimiyatdan chetlatdi. Hokimiyat Inqilobiy Kengash qo’liga o’tdi va Xuari Bumiddin rahbarligida yangi hukumat tuzildi. Inqilobiy Kengash Amerikaning neft trestlari ustidan nazorat o’rnatdi (1967), Frantsiyaning 12 bankidan 11 tasini (1968) va chet el (asosan Frantsiya) sanoat kompaniyalarini davlat ixtiyoriga oldi. 1979 yildan buen Prezident lavozimini egallab kelgan Sh. Binjadid 1992 yilda iste’foga chiqdi. 1995 yil 16 noyabrda o’tkazilgan saylovda Liamin Zerual, 1999 yil 15 aprelda o’tkazilgan saylovda Abdulaziz Buteflika Prezident etib saylandi. Jazoir — 1962 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992 yil 30 iyunda o’rnatgan. Milliy bayrami — 1 noyabr — Inqilob kuni (1954). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. 1989 yilgacha Milliy ozodlik fronti mamlakatdagi birdan-bir partiya edi. O’sha yili boshqa partiyalarning faoliyatiga ham ijozat berildi. Asosiy partiyalari: Milliy ozodlik fronti, 1954 yil tuzilgan; sotsialistik kuchlar fronti; 1963 yilda tuzilgan; Madaniyat va demokratiya uchun birlashma, 1989 yilda asos solingan; Jazoir bayrog’i. Milliy demokratik birlashma, 1997 yilda tuzilgan; «Annaxda» harakati, 1990 yilda tashkil etilgan; Islom najot fronti, 1989 yilda asos solingan; tinchlik uchun kurashuvchi jamiyat harakati, 1990 y.ila tuzilgan, 1997 yilgacha Islom jamiyati harakati deb atalgan; Milliy islohotlar harakati, 1999 yilda asos solingan. Jazoir mehnatkashlari umumiy Ittifoqi kasaba uyushmasi 1956 yilda tuzilgan, Afrika kasaba uyushmalari birligi tashkiloti va Arab kasaba uyushmalari xalqaro konfederasiyasi a’zosi. Xo’jaligi. Jazoir — sanoati (xususan kon sanoati) nisbatan rivojlangan agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi — 37,7%, qishloq xo’jaligining ulushi — 14,9%. Jazoir Afrika mamlakatlari ichida tabiiy gaz chiqarish, uzum yetishtirish va vino tayyorlashda, neft qazib olish, bug’doy, arpa yetishtirish va zaytun moyi tayyorlashda, tsitrus mevalari yetishtirishda yetakchi o’rinda turadi. Jazoir mustaqillikka erishgandan so’ng iqtisodiyotni tiklash va rivojlantirish yo’liga o’tdi. Iqtisodiyotda davlat sektori ustun mavqeni egallaydi (yalpi ichki mahsulotning salkam 80%). Ammo davlat korxonalarining aksariyati o’z quvvatining 40-50% atrofida ishlaydi. Yengil va oziq-ovqat sanoatida xususiy sarmoya ustun — 70— 90%, qurilishda 60%, xizmat ko’rsatish, ulgurji va chakana savdoda 80% gacha. Sanoatda neft (yiliga o’rtacha 35 million tonna), gaz (163 milliard m3), temir rudasi, fosfat va rangli metallar qazib olish va ularni qayta ishlash yetakchi tarmoqlarga aylangan. Temir va qo’rg’oshin rux rudalari, toshko’mir, birmuncha miqdor mis rudasi ham qazib olinadi. Bir yilda 17,3 milliard kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Mahsulot ishlab chiqarish sanoati metallurgiya, mashinasozlik, neftni qayta ishlash, kimyo va elektrotexnika tarmoqlari, qishloq xo’jalik xom ashyosini qayta ishlash korxonalaridan iborat. Oziq-ovqat, ayniqsa vinochilik, tamaki, konserva sanoati, zaytun yog’i ishlab chiqarish rivojlangan. To’qimachilik, metal ishlash korxonalari bor. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i — dehqonchilik. Bug’doy, arpa, sholi, javdar, makkajo’xori va boshqa don ekinlari ekiladi. Ammo tabiiy sharoitlari g’oyat qulay bo’lishiga qaramay, qishloq xo’jalik mamlakat oziq-ovqat ehtiyojining atigi 1/3 qismini ta’minlaydi. Yiliga donli ekinlar hosili 4-5 million tonnani tashkil etadi. Jazoirda sabzavot va mevalar ham yetishtiriladi. Vohalarda tokzor, zaytunzor va xurmozorlar bor. Jazoirda qoramol (1,5 millionga yaqin), qo’y (15 million), echki, tuya boqiladi. Baliqchilik rivojlangan. Po’kakbop dub po’stlog’i, eng yaxshi nav qog’oz ishlab chiqarishda ishlatiladigan alfa o’ti (dunyoda 1-o’rin) terib olish yo’lga qo’yilgan. 1980-yillar oxiridan mamlakatda xo’jalikni bozor iqtisodiyoti iziga ko’chirishga kirishiddi. Islohot doirasida davlat xo’jaliklarining mustaqilligi kengaytirildi, ularning bir kismi aktsiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi va xususiy kishilar qo’liga berildi. Xorijiy sarmoyani faol jalb etish siyosati olib borildi. Agrar islohat o’tkazilishi natijasida sotsialistik tipdagi davlat xo’jaliklari tarqatib yuborildi va ular o’rnida 22 mingga yaqin mayda koperativlar tuzildi. Yerlarning bir qismi yakkahol dehqonlarga topshirildi. Transportida temir yo’l muhim ahamiyatga ega (4,3 ming kilometr, shundan 240 kilometr elektrlashtirilgan). Asosiy temir yo’l magistrali ujda (Marokash) — Oran — Jazoir — Konstantina — Gardimav (Tunis). Avtomobil yo’llarining uzunligi 88 ming kilometr. Asosiy magistral sohil bo’ylab ketgan. Neft va gaz quvurlari bor. Dengiz transporti tashki savdo uchun xizmat qiladi. Muhim dengiz portlari: Jazoir, Oran, Annaba, Bajoiya, Arzev. Havo transporti rivojlangan. 31 ta aerodrom bor. Xalqaro ahamiyatga ega aeroportlari Jazoir, Annaba va Oran shaharlarida. Jazoir chetga neft, gaz, vino, tsitrus mahsulotlari, tamaki, po’kak, qog’oz va boshqalar chiqaradi. Chetdan mashinalar, sanoat uskunalari, oziq-ovqat (don, sut, go’sht), kiyim-kechak va boshqalar keltiriladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: AQSh, Frantsiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya. Pul birligi — dinor. Sog’liqni saqlash. 1974 yildan mamlakatda bepul tibbiy xizmat joriy etilgan. 40 mingdan ortiq o’rinli 200 ga yaqin kasalxona va tibbiy muassasa bor. Mamlakatda 7,6 ming shifokor ishlaydi. Shifokor va dorishunoslar Jazoir universitetida tayyorlanadi. O’rta malakali tibbiy xodimlarni 20 tibbiyot maktabi yetishtirib chiqaradi. Universitetlarning tibbiyot fakultetlarida, sog’liqni saqlash, gigiena, tropik oftalmologiya, stomatologiya ilmiy tadqiqot institutlarida tibbiyotga oid ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Maorifi, madaniy- ma’rifiy va ilmiy muassasalari. Jazoir mustaqillikka erishgach, maorif sohasida katta yutuqlarga erishildi. 7 ta universitet, 170 ta boshqa oliy o’quv yurtlari, 700 ta hunar-texnika ta’limi Markazlari bor. Mamlakatdagi umumta’lim maktablarida 260 mingdan ortiq o’quvchi, oliy o’quv yurtlarida 200 ming talaba ta’lim oladi. Eng yirik kutubxonasi — Jazoir shahardagi Milliy kutubxona (1 millionga yaqin asar). Yirik muzeylari — Jazoir Milliy muzeyi (1930), antik dunyo yodgorliklari milliy muzeyi (1897) va boshqalar. Asosiy ilmiy muassasalar Jazoir shahrida. Yadro tadqiqot instituti (1966), Okeanografiya instituti, Astronomiya, astrofizika va meteorologiya rasadxonasi, biokimyo instituti mavjud. Tibbiyot muammolari bilan rakka qarshi markaz, Paster instituti (parazitologiya va mikrobiologiya), gigiena, traxoma va tropik oftalmologiya, stomatologiya institutlari shug’ullanadi. Veterinariya, vinochilik texnologiyasi, chigirtkaga qarshi kurash muammolari Milliy Agronomiya institutida o’rganiladi. Ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va kadrlar tayerlashda Jazoir universiteti va uning Oran hamda Konstantinadagi filiallari yetakchi rol o’ynaydi. Turli soha mutaxassislari Jazoir shahridagi maxsus maktablar (politexnika, pedagogika, jurnalistika, savdo va boshqalar) da tayyorlanadi. Matbuoti, radio eshittirishi va teleko’rsatuvi. Asosiy gazeta va jurnallari: «Al-Mujohid» («kurashchi», 1963 yildan Arab tilida va 1965 yildan frantsuz tilida chiqadigan gazeta), «Ash-Shaab» («Xalq», 1962 yildan Arab tilida chiqadigan gazeta), «Revolyuson afriken» («Afrika inqilobi», 1963 yildan frantsuz tilida chiqadigan jurnal), «Revo- Lyusone travay» («inqilob va mehnat», 1963 yildan frantsuz va Arab tilida chiqadigan oylik jurnal), «Aljeri—Aktyualite» («Jazoir — so’nggi xabarlar», 1965 yildan frantsuz tilida chiqadigan gazeta), «Al-Jumhuriya» («Respublika», 1963 yildan Arab tilida chikadigan gazeta), «Jurnal ofisel de la Repyublik Al- Jeren demokratik e popyuler» («jazoir Xalq demokratik Respublikasining rasmiy gazetasi», 1962 yildan frantsuz va Arab tillarida chiqadi). Jazoir rasmiy axborot agentligi — Aljeri Press-Servis 1961 yilda tuzilgan. Jazoir radio-televideniyesi 1962 yildan ishlaydi. Radioeshittiruv Arab, kabil, frantsuz tillarida, teleko’rsatuv Arab va Fransuz tillarida olib boriladi. Adabiyoti Arab, kabil va frantsuz tillarida. Arab va kabil tillaridagi adabiyot ispan va turk mustamlakachilariga qarshi kurash davri (16— 18-asrlar)da yuzaga kelgan. 19- asr adabiyotida Jazoirda millatlarning shakllanishi va frantsuz mustamlakachilariga tobe bo’lib qolish jarayoni aks etdi. Xalq og’zaki ijodi rivojlandi. 20-asrda mustamlakachilarni fosh etuvchi asarlar paydo bo’ldi. «Xalqning diniy she’riyat xazinasi» to’plami Arab tilida birinchi bor nashr etildi (1928). Arab so’zlashuv tilining Jazoir lahjasida yaratilgan hamda tabaqachilik sarqitlari va mustamlakachilikni qoralovchi drama asarlari, novellalar katta muvaffaqiyat qozondi. 2-jahon urushidan keyingi davr adabiyotida xotin-qizlar erkini himoya qilish Ahmad Ridohuxuning «Makkalik qiz» romanida, Jazoir xalqining kelajak uchun olib borayotgan qahramonona kurashi Mustafo al-Ashraf va Abdulloh naqliy dramalarida o’z ifodasini topdi. Mufdi Zakariya yozgan milliy madhiya (1958) inqilobiy ruh bilan sug’orilgan. Frantsuz tilidagi adabiyot 20-asrning 20-yillarida shakllandi. U dastlab turmushning turli ko’rinishlarini, 2-jahon urushi arafasida va undan keyin mahalliy xalq ongining o’sib borishini aks ettirdi. 50-60-yillarda Jazoir vatanparvarlarining frantsuz qamoqxonalarida azob chekishini ko’rsatuvchi asarlar yaratildi (Mezian Nuriddinning «gangrena», Anri Allegning «asirlikdagi jangchilar» va boshqalar). 1963 yil Jazoir Yozuvchilar uyushmasi tuzildi, 1964 yildan «Novombr» («Noyabr») adabiy jurnal chiqa boshladi. Jazoir adabiyotining eng yaxshi namunalari (Muhammad Dibning «katta xonadon» romani va boshqalar) o’zbek tiliga tarjima qilingan. Me’morligi. Dengiz bo’ylarida Finikiya, Rim, Vizantiya davriga oid ibodatxona, teatr, zafar toqi, ko’prik, hammom, bozor, turar joy xarobalari, Gippon, Kartenna va Timgad shahar qoldiqlari saqlanib qolgan. O’rta asr shahar ko’chalari qing’ir-qiyshiq, tor bo’lib, ularda Ark («Kasba»), masjid, Madrasa, rasta va saroylar (qal’a-Beni- Hammaddagi majmua) ko’plab qurilgan. 10-asrda Jazoir shahriga, 12— 13-asrlarda Tlemsen shahriga asos solindi. Jazoir va Konstantinada turk hokimlarining 16-18-asrlarga oid saroy va bog’lari saqlangan. Turar joylar shaharda 2-3 qavatli qilib g’ishtdan, qishloqda bir qavatli qilib loyguvaladan (tomlari tekis qilib) solingan. 1930 yildan Jazoir, Oran, Annaba kabi shaharlarda Yevropa me’morligi (M. Korbyuze g’oyasi) ta’sirida ko’p qavatli uy-joy va jamoat binolari qurildi. Jazoir mustaqillikka erishgach, ma’muriy binolar, universitet majmuasi (me’mori O. Nimeyr), maktab va turar joylar qurish tezlashdi. Tasviriy san’ati. Jazoir hududidan neolit davriga xos qoyalarga ishlangan odam va jonivor tasvirlari, ov hamda marosim manzaralari va boshqa rasmlar, Rimliklardan qolgan mozaika qoldiqlari topilgan. O’rta asr inshootlari (12-13- asr masjidlari) ganch o’ymakorligi va koshinkorlik bilan ziynatlangan. Jazoir zamonaviy tasviriy san’ati frantsuz rassomlari ishtiroki va ta’sirida rivojlangan. Jazoirlik mo’yqalam ustalari orasida aka-uka Muhammad va Umar rasimlar, Temam Ranem, X. Benanbur, M. Buzid, M. Aldan mashhur. 20-asrning 20-30-yillariga kelib tasviriy san’atda mahalliy rassomlar ijodi ustunlik qila boshladi. 60-90-yillarda ba’zi rassomlar Realistik mavzuda, ayrimlari esa abstrakt uslubda ijod qildi. Qadimgi amaliy bezk san’ati (kandakorlik, o’ymakorlik, to’qimachilik, kulolchilik, zargarlik) an’analari zamonaviy ruhda rivojlanayotir. Mahalliy me’morlar, rassom, haykaltarosh va amaliy san’at ustalari Jazoir shahridagi Milliy me’morlik va nafis san’at maktabida (1881 yil asos solingan) tarbiyalanadi. Musiqasi Arab musiqasining mahalliy-hududiy uslublaridan biri bo’lib, 7-8-asrlarda umaviylar, 10-asrda Andalusiya (Arab Ispaniyasi), 15-16-asrlardan boshlab turk musiqa an’analari ta’sirida shakllangan. Ko’chmanchi va o’troq jazoirliklar musiqa folklorida tuya boquvchilarining qo’shiqlari — «huda», to’y marosim qo’shiqlaridan «zajal», lirikishqiy — «layali», «mavval», diniy aytimlaridan «risa», «zikr» marosim turkumi, «ag’ani ramazon», «ag’ani Mavlud» qo’shiqlari, mumtoz ashula — «muashshax» va boshqa vokal janrlar keng tarqalgan. Jazoir an’anaviy kasbiy musiqaning asosiy janri — Nuba turkumi 8-9-asrlardan tarkib topgan bo’lib (mashhur bastakor, xonanda va sozanda Ziryod maktabi), har bir Nuba 5 asosiy qism (btayxi, msaddar, bashraf, darj, Insiraf yoki xlas)dan iborat. Jazoir mumtoz musiqasida 3 mahalliy uslub farqlanadi: Jazoir (poytaxt, Markaziy), Tlemsen va Kustantaniya (Konstantina). Kustantaniya Nuba turkumi eng qadimgi hisoblanadi va yaratilgan joyiga nisbatan «al-Qarnatiya» (Grenada) deb ham ataladi. Nuba turkumi tarkibida rasd (rost), Nava (navo), charka (Chorgoh), Irak (Iroq), sika (Segoh), Hsin (Husayniy) kabi o’zbek maqomlariga nomdosh nubalar mavjud. Nuba ijrochiligida torli cholg’ulardan ud, kamonli Rabob, qonun, puflama cholg’ulardan — nay, urma cholg’ulardan — darbukka, tor, Daff va naqqora, 20-asrdan boshlab (turk madaniyati ta’sirida) Yevropa sozlari (skripka, Alt, violonchel, klarnet) ham keng qo’llaniladi. An’anaviy mumtoz va xalq musiqa janrlari o’zaro yaqinlashuvi tufayli 20-asrdan yangi ommabop musiqa uslubi taraqqiy etdi. Sozanda va bastakor Hoji Muhammad al-Anqo bu uslubning yorqin namoyandasidir. Xonandalardan Zerok Muhammad, Muhammad Tobil, Maryam vafo, sozandalardan bin Hamza, Saad, Bilqosim, Xalfalar mashhur. Jazoir shahrida Milliy musiqa instituti mavjud. Teatri. Jazoir xalqining qadimgi o’yinlari, diniy marosimlarida teatr san’ati nishonalari bo’lgan. Birinchi Jazoir teatr truppasi (Arab tilida) 20-asrning 20-yillarida tashkil topgan. Uning asoschisi — 100 dan ortiq pyesa yozgan dramaturg, aktyor va rejissyor R. Ksentini. Uning «Buborma», «Istanbuldagi amakim», «ZeD-Alex» va boshqa pyesalari mashhur. Ksentinining izdoshi B. Muhiddinning «Xoinlar», «xushomadgo’ylar qabilasi» pesalarida ozodlik g’oyalari ko’tarildi. Muhiddin truppasi A. Nakli, Moler, Sofokl va Ibsenlarning asarlarini sahnalashtirdi. Ko’p aktyorlar Milliydemokratik inqilob (1954)da qatnashdilar va keyinchalik chet el (Tunis)ga o’tib ketishga majbur bo’ldilar. Ular Tunisda badiiy dasta tuzdilar. Mamlakat mustaqillikka erishgach, 1962 yilda shu dasta asosida aktyor va rejissyor M. Kotib boshchiligida Jazoir milliy teatri tashkil etildi. Kinosi. Milliy kinematografiya Milliy-demokratik inqilob davri (1954-62) da yuzaga keldi. 1957 yil milliy ozodlik fronti kinematografiyaga tayyorlov maktabini ochdi, 1961 yil esa muvaqqat inqilobiy hukumat maxsus kino bo’limini tashkil etdi. Bu tashkilotlar ozodlik uchun kurashga bag’ishlangan bir qancha hujjatli va tashviqiy filmlar ishlab chiqarishga sharoit yaratdi. 1962 yildan Jazoir kinematografiyasi ancha kengayib, badiiy filmlar ham ishlab chiqarila boshladi. 1967 yil Milliy kinematografiya savdo va sanoati boshkarmasi (1974 yil Jazoir xronika xizmati bilan birlashtirilgan) tashkil etilgan. «Jazoir shaxri uchun kurash», «Auresdan esgan shamol», «Olovli yillar solnomasi», «dekabr», «Qochqin», «sir kaliti», «meros», «Birinchi qadam», «kelin» kabi lentalar Jazoir kinematografiyasining eng yaxshi filmlaridir. Ularda ozodlik harakati tarixi, dolzarb ijtimoiy-siyosiy masalalar, xotin-qizlar ozodligi muammolari ko’tarilgan. O’zbekiston — Jazoir munosabatlari. Ikki mamlakatning iqtisodiy hamkorligi va savdo-sotiq aloqalari endigina yo’lga qo’yila boshladi. Ikki davlat o’rtasidagi tovar aylanmasi 2000 yilda 1,3 ming AQSh dollarini tashkil etdi. O’zbekiston Respublikasida jazoirlik sarmoyadorlar ishtirokidagi 2 korxona tashkil etilgan. O’zbekiston Respublikasi bilan Jazoir o’rtasida imzolangan «Qishloq xo’jaligi sohasida hamkorlik qilish to’g’risidagi hujjat»ga qo’shimcha ravishda savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalarni o’zaro himoyalash va rag’batlantirish, ikkiyoqlama soliq solinishiga yo’l qo’ymaslik, boj ishi sohasida hamkorlik va o’zaro yordam haqida bitimlar tayyorlanayotir.