Jurin Vladimir Dmitrievich

Jurin Vladimir Dmitrievich (1891.4.5, hozirgi Tatariston Respublikasi Tetyushi shahri — 1962.19.8, Moskva) — gidrotexnik-muhandis, texnika fanlari doktori (1945), professor (1928), muhandislik-texnika xizmati general-mayori (1943). Turkistondagi irrigatsiya ishlari boshqarmasi (Moskva)da ishladi (1918-21). Mirzacho’l va Chuy (Qirg’iziston) vodiysini o’zlashtirish loyihasida qatnashgan. O’rta Osiyo universitetining meliorativ-muhandislik fakultetida o’qituvchi, dekan (1921-25). Uning tashabbusi va rahbarligida Toshkent shahrida tashkil qilingan O’rta Osiyodagi birinchi suv xo’jaligi tajriba-tadqiqot instituti (1932 yildan hozirgi V. D. Jurin nomidagi O’rta Osiyo irrigatsiya ilmiy tadqiqot institutida direktor (1926-30). 30-yillardan Rossiyadagi yirik gidrouzel qurilishlarida rahbar lavozimlarida ishladi. Ilmiy ishlari irrigasiya qurilishlarida gidromexanizatsiya usullarini qo’llash, amaliy gidravlika, suv xo’jaligi inshootlarini loyihalash masalalariga bag’ishlangan.