Jinoyat ijroiya kodeksi

Jinoyat ijroiya kodeksi (JIK) — jinoiy jazolarni ijro etish va o’tash tartibi hamda shartlarini belgilab beruvchi jinoyat ijroiya qonun hujjatlari majmui. O’zbekistan Respublikasi JIK 1997 yil 25 aprelda tasdiqlanib, shu yil 1 oktabrdan amalga kiritilgan. JIK umumiy va maxsus qismlardan, 9 bo’lim, 34 bob, 197 moddadan iborat. Ularda, shuningdek, Jinoyat ijroiya kodeksiga muvofiq qabul qilinadigan boshqa qonun hujjatlarida jinoiy jazoni, boshqa jinoiy-huquqiy ta’sir choralarini ijro etish printsiplari, tartibi va shartlari ko’rsatilgan; mahkumlarning huquqiy maqomi; mahkumlarni axloqan tuzatish vositalari hamda ularni qo’llash; mahkumlarni jazoni o’tashdan ozod qilish; jazoni ijro etuvchi muassasa va organlar faoliyati tartibi; mahkumlarni axloqan tuzatishda davlat hokimiyati va fuqarolar o’zini o’zi boshqarish organlari, korxona, muassasa, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va fuqarolarning ishtiroki belgilab berilgan.