Jizzax aviatsiya oliy harbiy bilim yurti

Jizzax aviatsiya oliy harbiy bilim yurti – O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga harbiy uchuvchi va aviatsiya muhandislik mutaxassislar tayyorlovchi bilim yurti. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 18 martdagi qaroriga muvofiq Jizzax shahrida tashkil etilgan. Bilim yurtida oliy harbiy maxsus ma’lumotga ega ofitserlar tayyorlash, harbiy havo kuchlarining uchuvchi va aviatsiya muhandis tarkibini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, harbiy-ilmiy ishlar amalga oshiriladi. Bilim yurtida samolyot va vertolyotlarning uchuvchi-muhandisi, shaxsiy tarkib bilan ishlash ofitseri, shturman va jangovar boshqaruv ofitseri, samolyot, vertolyot dvigatellari texnigi, aviasiya, radioelektron jihozlar va aviatsiya qurollari texnigi ixtisosliklari bo’yicha ofitserlar tayyorlanadi. Kursantlarning ta’lim jarayoni nazariy va uchish tayyorgarliklaridan iborat bo’lib, ular bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Uchish tayyorgarliklari — uchuvchi instruktorlar bilan nazorat parvozlarini bajarish va mustaqil parvozlardan iborat ta’lim jarayonida umumiy parvoz 180 soatni tashkil etadi. Uchuvchi (vertolyotchi)lar konkret tipdagi samolyot (vertolyot)da ixtisosligini o’tab bo’lgach, bilim yurtini tugatib, uchuvchilik qismlariga yo’l olishadi.