Jamoatchilik fikri

Jamoatchilik fikri – ijtimoiy voqealarga, turli guruhlar, tashkilotlar va ayrim shaxslar faoliyatiga bo’lgan yashirin yoki oshkora munosabatlarni o’z ichiga oluvchi ommaviy ong shakli; muayyan ijtimoiy masalalarni ma’qullash yoki qoralashda namoyon bo’ladi, individlar, ijtimoiy guruhlar xatti-harakatini va ijtimoiy munosa- batlarda muayyan me’yorlarni belgilaydi; umuman jamiyat doirasida ham, turli ijtimoiy guruhlar doirasida ham amal qiladi. Jamoatchilik fikrining faolligi va ahamiyati jamiyatning strukturaviy xarakteri, ishlab chiqaruvchi kuchlarning, madaniyatning, demokratik huquqiy me’yorlar va erkinliklarning taraqqiyot darajasi bilan belgilanadi. Jamoatchilik fikri hokimiyat organlarini saylashda, ommaviy kommunikatsiya vositalarida, aholi so’rovlari va boshqalarda o’z ifodasini topadi. O’zbekistonda «ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o’rganish markazi tuzilgan (1997). Markaz mamlakat ijtimoiy, iqtisodiy hayoti, davlat siyosati va hukumat faoliyati to’g’risidagi Jamoatchilik fikrini tahlil qiladi va umumlashtiradi.