ANOMALIYA
ANOMALIYA (Yunoncha anomalia) —me’yor (norma)dan chetga chiqish (og’ish); umumiy qonuniyatga zid holat: 1) biologiya va tibbiyotda — biror a’zo yoki butun organism tuzilishi va funktsiyasining odatdagidan ko’ra boshqacharoq bo’lishi, normadan chetga chiqishi. Odam va hayvonlardagi Anomaliyalar tug’ma (ona qornidayoq) va tug’ilgandan keyin paydo bo’lishi mumkin. Tug’ma nuqsonlardan majruhlik ko’proq uchraydi. Orttirilgan Anomaliya (eshitish va ko’rish nuqsonlari, aqliy rivojlanishdan orqada qolish) turli kasalliklar oqibatida vujudga keladi; 2) pedagogika va psixologiyada — shaxsning jismoniy va aqliy rivojlanishda normadan chetga chiqishi. Bolalar Anomaliyasini maxsus pedagogika (Defektologiya) o’rganadi. Bosh miyada biror nuqsonni to’ldirib yuborish xususiyati kuchli bo’lganligi uchun bolalarda Anomaliya hodisasiga qarshi keng pedagogik ishlar olib borish mumkin; 3) magnit Anomaliyalar — yer sirtidagi magnit maydon qiymatining me’yordagidan og’ishi, ya’ni qiymati magnit Anomaliya tarqalish hududidan ancha katta bo’lgan hududda geomagnit maydonni ifodalaydi. Qamrab olingan hudud kattaligi bo’yicha mintaqaviy, hududiy va cheklangan magnit Anomaliyalariga bo’linadi; 4) og’irlik kuchi Anomaliyasi — amaldagi og’irlik bilan yer sharining tuzilishiga qarab hisoblab chiqilgan og’irlik kuchi o’rtasidagi farq; bu farq yer sharining umumiy tuzilishiga va kuzatilayotgan nuqta atrofidagi tog’jinslarining zichligiga bog’liq. Jinslar zichligi yer sharining o’rtacha zichligidan farq qilsa, og’irlik kuchi Anomaliyasi ro’y beradi. Og’irlik kuchi va magnit Anomaliyalarini o’rganish geologik tadqiqotlarda, xususan, foydali qazilmalarni geofizik usullar bilan qidirishda keng qo’llaniladi.