Jizzax politexnika instituti
Jizzax politexnika instituti — kimyo texnologiyasi, Avtomobil va avtomobil xo’jaligi, bino va inshootlar qurilishlari, fermer xo’jaliklari va boshqa bo’yicha mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. 1989 yilda Toshkent politexnika instituti Jizzax bo’limi tashkil etilib, 1990 yilda Toshkent arxitektura-qurilish instituti Jizzax bo’limiga aylantirildi. 1992 yilda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Jizzax bo’limi, Toshkent avtomobil transporti va yo’llari instituti Jizzax umumtexnika fakulteti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti Jizzax bo’limlari birlashtirilib Jizzax politexnika instituti tashkil etildi. Institutda avtomatika, muhandislik iqtisodiyoti, sanoat texnologiyasi va qurilish fakultetlari hamda sirtqi fakultetlari mavjud. Institutda kunduzgi bo’limda 13 ta yo’nalish bo’yicha bakalavrlar, 4 ta mutaxassislik bo’yicha magistrlar; sirtqi bo’limda 16 ta yo’nalish bo’yicha bakalavrlar tayyorlanadi. 2000/2001 o’quv yilida 1900 dan ortiq talaba ta’lim oldi; 18 ta kafedra va 4 ta ilmiy lab. bo’lib, unda 143 professpr-o’qituvchi, jumladan 1 akademik, 13 fan Doktori va professor, 49 fan nomzodi, 20 dosent ishladi. Institutda aspirantura, 40 o’quvchiga mo’ljallangan tayyorlov kursi mavjud. Institut kutubxonasida 67 mingdan ziyod asar saqlanadi. 2002 yilgacha 6500 dan ortiq mutaxassis tayyorlandi.