Josuslik

Josuslik — davlat xavfsizligiga qarshi jinoyat; shaxsning davlat siri hisoblanadigan ma’lumotlarni chet davlat yoki uning agenturasiga yetkazish, bunday ma’lumotlarni yetkazish maqsadida qo’lga kiritish yoki to’plash. Davlat siri hisoblanadigan ma’lumotlar ijtimoiy, iqtisodiy yoki harbiy xususiyatga ega bo’lishi mumkin. Josuslik o’ta og’ir jinoyat hisoblanib, juda ko’p mamlakatlarda bunday jinoyat uchun uzoq muddatga ozodlikdan maxrum etish yoki o’lim jazosi belgilangan. O’zbekiston Respublikasida qonunga ko’ra, Josuslik respublika suvereniteti, hududiy daxleizligi, xavfsizligi, mudofaa salohiyati yoki iqtisodiyotiga zarar yetkazgan holda qasddan sodir etilgan qilmish hisoblanib, u davlatga xoinlik qilish deb baholanadi. Bu xildagi Jinoyat uchun 10 yildan 20 yilgacha muddatga ozodlikdan maxrum etish yoki o’lim jazosi belgilangan. Chet el razvedkasi bilan hamkorlik qilishta jalb etilgan shaxs, basharti o’ziga yuklatilgan topshiriqni bajarish yuzasidan hech qanday harakat sodir etmasdan, bu haqda o’z ixtiyori bilan hokimiyat organlariga xabar bersa, javobgarlikdan; o’zining jinoiy faoliyatini ixtiyoriy ravishda to’xtatgan va qilmishi haqida hokimiyat organlariga ma’lum qilib, jinoyat ochilishiga faol yordam bergan shaxs, basharti, davlat uchun kelib chiqishi mumkin bo’lgan og’ir oqibatlarning oldi olingan bo’lsa, jazodan ozod etiladi (O’zbekiston Respublikasi JK, 160-modda).