Juvang’ar, javong’or, Jung’ar
Juvang’ar, javong’or, Jung’ar (turkiycha — chap qo’l) — 1) moziyda Markaziy Osiyoda davlat tasarrufidagi erlarning chap tomoni. Ko’chmanchi xalqlarda mamlakat va uning aholisini ikki qanotga o’ng va so’lga taqsimlash qadimdan odat tusini olgan; 2) qo’shinning so’l qanoti. Juvang’ar istilohi bu ma’noda o’zbek tiliga 13-asrning 30-yillarida o’zlashgan. Chingizxon qo’shini Juvang’arining soni 62 ming askardan iborat bo’lgan. Temur va temuriylar qo’shinida Juvang’arga temuriyzodalar va atoqli lashkarboshilar qo’mondonlik qilgan. Odatga ko’ra, Juvang’ar jangchisining barang’ardan o’rin olishi harbiy intizomni buzish deb baholangan. Juvang’ar istilohi harbiy ma’noda 20-asr boshigacha iste’molda bo’lgan. Juvang’ar toponimik nom sifatida Jung’ariya atamasida saqlanib qolgan.